Toliblar bilan murosa qilish mushkul deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

Amerikalik tahlilchilar nazarida bunga Karzay hukumatining siyosati va etnik ozchilikdagi guruhlarning qarshiligi sababdir.

NATO kuchlari Afg'oniston janubidagi Qandahor viloyatidan toliblarni siqib chiqarishga harakat qilar, prezident Hamid Karzay esa Tolibon bilan muloqot qilish maqsadida maxsus kengash tuzgan ekan, Obama ma'muriyati afg'on strategiyasini qayta ko'rib chiqish arafasida.

Xalqaro koalitsiya nazarida yolg'iz harbiy kuch bilan g'alaba qilib bo'lmaydi. Karzay tuzgan kengash haqida xulosa chiqarishga hali erta, chunki unda Afg'onistonda yashovchi etnik guruhlarning roli qanday bo'lishi hozircha aniq emas.

Qandahor Tolibon kuchli ildiz otgan viloyatlardan, toliblar vatani hisoblanadi. Janubdagi bir necha muvaffaqiyatli operatsiyadan so'ng NATO bu viloyatni ham ulardan tozalamoqchi. Qandahorda toliblarning bayrog'i ortiq ko'rinmasa-da, xurujlar to'xtamagan.

Hamid Karzay boshchiligidagi afg'on hukumati esa jangarilar bilan murosa qilishga umid qilyapti. Bu maqsadda Tinchlik uchun oliy kengash ham tuzildi. Unga kim kirishi hali aniq emas.

"Siyosatimizni qayta ko'rib chiqib, unga to'g'ri baho berishimiz, xatolarni tuzatib, xalq bizni bu ishda qo'llab-quvvatlayaptimi, yo'qmi, shuni aniqlashimiz kerak", - deydi prezident Karzay.

Kengashni tuzish g'oyasi iyun oyida Kobulda 1600 ga yaqin siyosiy va qabilaviy yetakchilar ishtirokida o'tgan jirg'a yig'ilishida ilgari surilgan edi.

Afg'onistonda shu hafta parlament saylovlari o'tishi kutilar ekan, prezident Karzay kengashga imkon qadar barcha etnik guruh vakillarini kiritishga harakat qilmoqda.

Biroq Amerika taraqqiyoti markazi tahlilchisi Brayan Katulis kengash g'oyasiga shubha bilan qaramoqda.

"Karzayning saylovlardan oldingi qarorlari va korrupsiyaga qarshi siyosatidan kelib chiqib, Kobulda bu ishni uddalay oladigan hamkorimiz borligi gumon", - deydi u.

Jorjtaun universiteti professori Pol Pillar ham kengash muvaffaqiyatiga ishonmaydi. Uning nazarida Afg'onistonda yashovchi o'zbek, tojik va hazora jamoalari rahbarlari Tolibon bilan muloqotga qarshi.

Pillarning aytishicha, ozchilikdagi bu guruhlar ko'pchilikni tashkil etuvchi pashtularning kuchayishini hazm qila olmaydi.

"Pashtular foydasiga qilinadigan har qanday harakatga qarshi. Shu sabab Karzay kengashga kimni tayinlashidan qat'iy nazar, muammo o'z o'rnida qolaveradi", - deydi u.

Tolibon yetakchilari ajnabiy kuchlar mamlakatni tark etmaguncha, murosaga qarshi.

Hizbi-islomiy guruhi rahbari, o'tmishda ko'zga ko'ringan dala qo'mondoni Gulbuddin Hikmatyor nazarida hukumat tinchlik tashabbusi deb, odamlarni laqillatmoqda.

AQShdagi Atlantika kengashi tahlilchisi Shuja Navoz esa, aksincha, Karzay bunga bor kuch-g'ayratini sarflamoqda, deydi. Uning fikricha, parlament saylovlari natijalari ko'p narsani hal qiladi.

"Agar saylovlar qonun doirasida o'tsa, Karzayning siyosiy nufuzi oshadi. Shundan so'ng uning gapiga ko'proq quloq solishadi", - deydi Navoz.

Saylovlar vaqti ham juda muhim, deydi u.

"Kelasi 3-4 oy ichida Obama ma'muriyati afg'on siyosatini qayta ko'rib chiqadi. 2001-yil yoziga borib, Amerika qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarish masalasi oydinlashadi".

Mutaxassislar nazarida Afg'onistonda ayni damda turli guruhlar o'rtasida hokimiyat uchun kurash kechmoqda. Nimaiki tashabbus bo'lsa, AQSh yordamisiz muvaffaqiyat qozonish qiyin, shu sabab Qo'shma Shtatlar Karzay hukumatiga jangarilar bilan muloqot qilishida yordam berishi lozim, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG