Rasmiylar: Tolibonning yirik hujumi to'xtatildi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston rasmiylarining aytishicha, Uruzgon viloyatiga Tolibon uyushtirgan hujum qaytarilgan. Ayni paytda shaharda qolgan isyonchilarni qidirib topish uchun uyma-uy yurib tintuv o'tkazish amaliyoti boshlangan.

8-sentabr kuni ertalab Tolibon jangchilari afg'on xavfsizlik kuchlari bilan keskin olishuv boshlab, Tarin Kot shahriga kirib kelgan.

Ularga qarshi amaliyot natijasida Tolibon ortga qaytarildi, deydi Mudofaa vazirligi rasmiysi general Muhammad Ramdish.

Tolibon hozircha rasmiylar izohiga munosabat bildirgani yo'q. Avvalroq guruh so'zlovchisi markaziy shaharning katta qismi egallab olinganini va afg'on kuchlari bilan janglar davom etayotganini aytgan edi.

Asosiy to'qnashuvlar politsiya bosh idorasi, qamoqxona va gubernator ofisi atrofida kechgani aytilmoqda.

Viloyat rasmiylari tinch aholiga zarar yetishining oldini olish maqsadida havodan yordam so'ramagan. Tolibon vakillari oddiy fuqarolar yashaydigan hududlar ichiga kirib olgan. Lekin mahalliy matbuot amaliyotda xorijlik maslahatchilar va qiruvchi samolyotlar ham ishtirok etganini yozmoqda.

NATOning mamlakatdagi missiyasi so'zlovchisi polkovnik Maykl Lovhorn afg'onlarni tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha yordam davom etishini aytdi, ammo Uruzgonda davom etayotgan amaliyot haqida batafsil ma'lumot bermadi.

Tolibon Tarin Kotga hujumlarni shu hafta avvalida boshlagan edi. Shaharga yorib kirishga payshanba kuni ertalab muvaffaq bo'lishgan.

Tunda qo'shni Hilmand va Qandahor viloyatlaridan Tolibonning qo'shimcha kuchlari yetib kelgan va son jihatdan ular hukumat askarlaridan oshib ketib, shahar mudofaasini buzib kirgan, deya yozmoqda mahalliy ommaviy axborot vositalari.

To'qnashuvlarda qancha odam qurbon bo'lgani haqida aniq ma'lumotlar yo'q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG