Breaking News

AQSh va Afg'oniston strategik hamkorlik borasida kelishdi


2014-yildan keyingi rishtalar endi ravshanroq
2014-yildan keyingi rishtalar endi ravshanroq

Afg'oniston va Qo'shma Shtatlar 2014-yildan keyingi hamkorlikni belgilovchi strategik bitim borasida kelishib oldi. Xalqaro qo'shinlar bu sanagacha mamlakatni tark etishi kutilmoqda.

Hujjat tafsilotlari hozircha ma'lum emas. Loyihani AQSh va Afg'oniston prezidentlari va parlamentlari ko'rib chiqadi.


Afg'oniston rahbari Hamid Karzay ma'muriyatining bildirishicha, loyihani kecha prezidentning Milliy xavfsizlik masalalari bo'yicha maslahatchisi Rangin Dadfar Spanta va AQSh elchisi Rayan Kroker Kobulda imzolagan.

Prezident Obama esa kelasi oy Chikagodagi NATO sammitidan oldin qo'l qo'yishi kutilmoqda.

Bitim bo'yicha muzokaralar oson kechmadi. Qo'shma Shtatlar Bagram harbiy bazasidagi qamoqxonani afg'on kuchlariga topshirishga va toliblarga qarshi tungi reydlarni to'xtatishga uzoq tortishuvlardan so'ng rozi bo'ldi.

Prezident Karzay Qo'shma Shtatlardan xalqaro kuchlar Afg'onistonni tark etganidan so'ng uning mamlakatiga yiliga ikki milliard dollar ajratish haqida yozma kafolat so'ragan.

AQSh rasmiylari nazarida strategik hamkorlik haqidagi bitim xalqaro yordam paketi emas, ammo Qo'shma Shtatlar afg'on armiyasi va politsiyasini moliyalash uchun yiliga to'rt milliard dollargacha berishga tayyor. Hujjat kelajakda hamkorlik doirasini belgilaydi, deydi ular.

Bugun afg'on rasmiylari qonunchilarga bitim tafsilotlari haqida hisobot bergan. Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul Senatda, hujjatni imzolagan milliy xavfsizlik bo'yicha prezident maslahatchisi Rangin Spanta esa quyi palatada so'zlagan.

Hamid Karzay shu hafta yetakchi siyosatchilar va diniy arboblar bilan gaplashib, bitimni qo'llab-quvvatlashni so'raydi.

Bu o'rtada bugun Afg'oniston sharqidagi portlashda NATOning ikki askari o'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG