Koalitsiyadan keyin Afg'onistonda qizlar ta'limiga nima bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Bugun sakkiz million afg’on bolasi maktabga boradi. Ikki yarim millioni qizlar, deya ma'lumot beradi USAID, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi. 10 yil oldin bu raqamlar hech kimning xayoliga ham kelmagan.

Bugun sakkiz million afg’on bolasi maktabga boradi. Ikki yarim millioni qizlar, deya ma'lumot beradi USAID, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi. 10 yil oldin bu raqamlar hech kimning xayoliga ham kelmagan.

Qizlarni o’qitish va bilimli qilish oxirgi hafta matbuotda ko’p ko’tarilgan mavzu bo’ldi. Ayniqsa, Pokistonda bu yo’lda kurashayotgan, hali o’zi ham bola Malala Yusufzoy Nobel mukofoti bilan siylangani ortidan.

Toliblar Malalani otgan joydan sal uzoqda, qo’shni Afg’onistonda ham qizlar ta’limi nozik masala. Amerika va NATO qo’shinlari bu davlatni tark etayapti va Tolibon hujumlari zo’raygan. Xo’sh, nahot yechim yo’q?

Bugun sakkiz million afg’on bolasi maktabga boradi. Ikki yarim millioni qizlar, deya ma'lumot beradi USAID, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi.

10 yil oldin bu raqamlar hech kimning xayoliga ham kelmagan.

Ekspert Eshli Jaksonning aytishicha, Tolibon hukmronlik qilgan 2001-yilgacha qizlar maktabga bormagan.

“Afg’oniston Tolibongacha ham urush sharoitida yashar, infratuzilma, maktablar vayron qilingan edi. Avvaliga ruslar bosqini, keyin mujohidlar davrida. Toliblar paytida, birinchidan, o’qishga umuman sarmoya qilinmagan, ikkinchidan, kim o’qish-o’qimasligi qattiq nazorat qilingan. Ayollar va qizlarni maktabga yo’latishmagan”, - deydi Jakson.

Ammo 2001-yilda toliblar hukumatdan ag’darilgach, ta’limga katta e'tibor berila boshlandi.

Masalan, USAID 2002 va 2012-yillar orasida Afg’onistonda ta’limga 885 million dollar sarfladi. Natijada 600 dan oshiq maktab qurildi yoki ta’mirlandi.

Roziya Jon Kobulda asoslangan nodavlat tashkilotini boshqaradi. Hurmatli bu tashkilot 400 qizni o’qitadi. Roziyaning aytishicha, bugun afg’on ota qizi haqida faxrlanib gapirib berganini eshitasiz.

Prezident Barak Obama qarori bilan Amerikaning aksariyat qo’shinlari joriy yil oxirigacha Afg’onistondan ketadi. 2016-yilda harbiy missiya butunlay tugaydi. Tahlilchilar fikricha, qizlar ta’limi xavf ostida, chunki toliblar hujumi to'xtagani yo'q.

O’z navbatida Tolibon xotin-qizlar o’qishiga sabrliroq bo’lishiga ishora qilayapti. Ham o’g’il, ham qizlarga teng imkoniyat beramiz, deydi jangarilar.

Biroq Afg’onistondagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari bunga ishonmaydi.

Hasina Sherjon oddiy maktabga qatnay olmaydigan qizlar, xususan, oila qurgan xotin-qizlarga ta’lim beruvchi nodavlat tashkilotiga asos solgan. Uningcha, toliblar hech vaqt o’zgarmaydi.

“Eski odatini nimaga tashlasin jangarilar? Toliblar o’zgaradi deb xomtama bo’lmang. Mafkurasi bor, o’shanga yopishib olgan ular”, - deydi ayol.

Ba’zi viloyatlarda maktablar portlatib yuborilgan va mahalliy aholi atrofda boshqa maktab qurmaslikni so’ragan.

Qizlar bemalol o’qishi uchun zarur shartlardan biri - xavfsizlik. Portlash va xurujlar kamaysa, ota-onalar ham qizlarini qo’rqmayroq o’qishga yuboradi.

Lekin ta’lim sifatini ham esdan chiqarmaslik kerak. Xalqaro qo’shinlar ketib, regionga qiziqish kamayadi va moliya ham qisqarishi ehtimoldan xoli emas.

Sherjonning maktablariga, masalan, 2013-yilda USAID moliya ajratmay qo’ygan. Muallimlar bir yilcha pulsiz ishlagan.

Yechim bor, deydi mutaxassis, afg’onlarning o’zlari qizlar ta’limi uchun mas’uliyatni bo’yniga olsin.

“Afg’oniston xalqi ishga kirishsa deyman. Millioner, milliarder fuqarolarimiz bor-ku. Xalqaro hamjamiyat himmatiga hadeb suyanavermay, mamlakatni o’zimiz qayta qurishimiz kerak”, - deydi Hasina Sherjon, nodavlat tashkilot asoschisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG