Breaking News

Ozarbayjon va Armaniston Tog'li Qorabog'dagi hujumlarni to'xtatdi


Ozarbayjon va Armaniston hukumatlari Tog'li Qorabog' hududi yuzasidan boshlangan harbiy to'qnashuvlarni to'xtatishga kelishib olganini ma'lum qildi.

Bokuning ma'lum qilishicha, to'rt kun davom etgan otishmaning oxirgi ikki kunida Ozarbayjonning 16 askari halok bo'lgan.

To'qnashuvlarning boshlanishida har ikki tomon bir-birini ayblaydi. Kutilmaganda boshlangan otishma 20 yildan beri mavjud mojaroni qayta alangalatib yuborgan.

To'qnashuvlar xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidlariga uchradi. Yetakchi davlatlar Ozarbayjon va Armanistonni otishmalarni zudlik bilan to'xtatishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali gaplashib, Tog'li Qorabog' mojarosini birgalikda hal qilish masalasini muhokama qilgan.

Armaniston Prezidenti Serj Sargsyan Ozarbayjonni tinch aholi yashaydigan hududlarini nishonga olganlikda aybladi.

Avvalroq u, agar hujum to'xtamasa, biz Tog'li Qorabog'ning mustaqilligini rasman tan olamiz, deya ogohlantirgan ham edi.

SSSR paytida Tog’li Qorabog’ Ozarbayjon tarkibida bo’lgan. Bu yerda yashovchi mahalliy armanlar ittifoq parchalanmasidan oldin Ozarbayjondan ajralishini e’lon qilgan. Bundan norozi Boku hududni qaytarishga harakat qiladi va natijada Armaniston bilan urush kelib chiqadi. 1988-yilda boshlangan urush 1994-yilgacha davom etadi. Ayni paytda Tog'li Qorabog' mahalliy armanlar tomonidan mustaqil boshqariladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG