Breaking News

AQSh mudofaa vaziri Qunduzdagi voqeani tergov qilishni buyurdi


AQSh havo hujumida vayron bo'lgan kasalxona, Qunduz, Afg'oniston
AQSh havo hujumida vayron bo'lgan kasalxona, Qunduz, Afg'oniston

AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter Afg'onistondagi kasalxonaning AQSh kuchlari tomonidan havodan nishonga olinganini sinchkovlik bilan tergov qilishni buyurdi. Shanba kuni Qunduz shahridagi voqeada 22 odam nobud bo'ldi.

Kasalxona "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotiga qarashli bo'lgan. Guruh voqeani mustaqil xalqaro komissiya tergov qilsin, demoqda. O'lganlardan 12 nafari kasalxona xodimlari va 10 nafari bemorlar bo'lgan.

Tashkilot xodimi Bart Yansenning aytishicha, kasalxona to'rt yildan beri ishlab turgan edi.

"Uning jug'rofiy joylashuvini Afg'onistonda o'zaro jang qilayotgan barcha tomonlarga berganmiz. "Kasalxona bexosdan nishonga olindi" degan gaplarga ishonmaymiz", - deydi Yansen.

AQSh rasmiylariga ko'ra, mahalliy kuchlar ularga Afg'onistonda yordam va maslahat berayotgan Amerika maxsus qo'shinlaridan havodan zarba berishni so'ragan. Afg'on rasmiylarining aytishicha, toliblar kasalxonadan turib ularni nishonga olgan. "Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti kasalxonada jangarilar bo'lganini inkor etib, voqeani harbiy jinoyat deb atamoqda.

Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi ham AQSh harbiylari harakatini qoraladi.

"Shubhali shaxslar kasalxonada joylashgan bo'lsa-da, xalqaro gumanitar qonunchilikda bunday vaziyatda kasalxonani nishonga olish kerak deyilmagan. Hujumga yarasha javob berish kerak. Kechagi voqeada bunday bo'lmadi, qonun poymol etildi", - deydi qo'mitaning Afg'onistondagi vakili Jan Nikolya Marti.

"Chegara bilmas shifokorlar" tashkiloti Qunduzdagi faoliyatini to'xtatib, shaharni tark etganini bildirmoqda, og'ir bemorlar esa hududdagi boshqa kasalxonalarga ko'chirilgan.

Tolibon o'tgan hafta Qunduzni egallab olib, so'ng AQSh havo zarbalari va afg'on harbiylari hujumi ostida chekinishga majbur bo'lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG