Markaziy Osiyo hamkorlikda, yagona pozitsiyadan ish yuritishi kerak


Markaziy Osiyoda geosiyosiy bloklarga ajralish jarayoni yakun topmoqda. AQSh bilan hamkorlikni uzgan Qirg'iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo'shildi. Rossiya esa regionda harbiy bazalarini kengaytirish harakatiga tushgan.

Markaziy Osiyoning Rossiya qudratiga qaram bo'lib qolayotgani mintaqada siyosiy iroda shakllanmagani bilan izohlanadi.

Sharhlovchilarga ko'ra, Afg'onistondan kutilayotgan tahdid, Rossiya harbiy bazalarining kengayishi, Yevrosiyo Ittifoqining mintaqani ikkiga bo'lib qo'yishi, geosiyosiy kuchlar o'rtasidagi raqobat keskinlashishi Markaziy Osiyodagi vaziyatni tahlikali qiladi.

Prezident Nursulton Nazarboyevning imzosidan so'ng Qirg'iziston ittifoqning to'laqonli a'zosiga aylanadi. Qozog'istondan tashqari boshqa a'zo davlat lar bitimni ma'qullab bo'lishgan.

Mintaqada Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston bu ittifoqdan chetda. Turkmaniston neytral. Tojikiston taklif kutmoqda. O'zbekiston Rossiya bilan faqat ikki tomonlama aloqa qilishni istaydi.

Davlatlarning har biri Rossiya qudratiga suyanish suverenitetga xavf tug'dirishini yaxshi biladi. O'z hududini Rossiyaga boy bergan Ukraina inqirozi buni yana bir bor tasdiqladi.

Sharhlovchilaga ko'ra, Moskvadan mustaqillikni qo'lga kiritgan Markaziy Osiyoning yana Rossiyaga suyanayotgani avvalo siyosiy iroda shakllanmaganiga bog'liq.

“Men avval ham doim takrorlab kelganman, mintaqa davlatlari hamkorlikda, yagona pozitsiyadan kelib chiqqan holda ish yuritishlari kerak. Endi esa bunday talab, bunday ehtiyoj yanada kuchayayapti. Aks holda kichik davlatlar uchun qiyin bo'ladi. Turli yirik xalqaro tashkilotlarda ham, geosiyosiy vaziyatga nisbatan ham pozitsiyalar, tashqi siyosat muvofiqlashishi kerak", - degan fikrda siyosatshunos Farxod Tolipov.

Rossiyaning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi Qozog'iston hisoblanadi. SSSRni qayta tiklashga urinish sifatida baholangan Yevrosiyo ittifoqi ham Rossiya, Qozog'iston va Belarus tashabbusida tuzildi. Qozog'istonning ittifoqqa qo'shilishi qozoq xalqining emas, Nazarboyevning Putinga sadoqati tufayli amalga oshgani aytildi.

Qozoq muxolifati faoli Aydos Sodiqov regionning Rossiya tomon burilishini aynan shu nuqtadan, sobiq ittifoq nusxasi sifatida e'tirof etilgan Yevrosiyo Ittifoqi tashkil topishidan ko'radi.

“Qozog'istonda biz ittifoqqa qo'shilishga qarshi bildirib, qator aksiyalar o'tkazdik. Albatta bu umumiy vaziyatga ham, Astananing qaroriga ham tasir ko'rsatmadi, ammo bir narsani aniq ko'rsatib berdi. Nazarboyev ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham mustaqil qarorlar qabul qilishga qodir emas. U Putinga tobe bo'lib qolgan", - deydi Aydos Sodiqov.

Rossiya Mudafaa vaziri Sergey Shoygu 24-iyul kuni o'tgan yig'ilishda Rossiyaning Markaziy Osiyodagi harbiy bazalari joylashuvini qayta ko'rib chiqish, ularni takomillashtirish masalasini muhokama qilgan.

Bu muhokama Qirg'izistonning AQSh bilan hamkorlik aloqalarini uzishi ortidan kuzatilmoqda. Bu qaror ortida ham qirg'iz hukumatining Moskvaga qaramlik tuyg'usi turgani e'tirof e'tiladi.

O'zbekiston Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlardan uzoqlashar ekan, asosan G'arb, AQSh bilan aloqalar qalinlashishiga umid qiladi. G'arbning Toshkent bilan munosabatlari esa O'zbekistonda avtoritar tuzum, inson huquqlari toptalishi bois tanqid ostiga olinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG