Kerri tashqi aloqalarda mustaqilroq siyosatga intiladi, deydi tahlilchilar

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri

Davlat kotibi lavozimida yaqinda ish boshlagan Jon Kerri ilk xorijiy safaridan qaytdi. Kuzatuvchilar Kerrining diplomatik uslubini o’rganib, undan oldingi davlat kotiblarining ishi bilan qiyoslamoqda.

Xillari Klinton Barak Obamaning birinchi prezidentlik muddati davomida bosh diplomat lavozimini bajarayotgan bir paytda Jon Kerri o’zini bu ishga Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi ishida tayyorlab bordi.

Klintonning aytishicha, Kerri Vyetnam urushidan qaytganidan beri dunyo siyosati haqida tushunchaga ega.

"Senat qo’mitasidagi namunali xizmati davomida esa boy tajriba orttirdi", - deydi Klinton.

Diplomat oilasida voyaga yetgan Kerri Davlat departamenti xodimlari bilan uchrashib, bu ishning naqadar muhim ekaniga urg’u berdi.

"Bu kasb yo’lidan borish uchun sizga qo’shilganimdan baxtiyorman”, - dedi u.

Kerri Xillari Klintondan nimasi bilan farq qiladi?

Vashingtondagi AQSh Tinchlik instituti tahlil markazi eksperti Stiv Xeydemanning aytishicha, Klinton Demokratlar partiyasi ichidagi saylovda Obama bilan prezidentlikka nomzod bo’lish uchun bellashgani bilan uning komandasiga tushgach, davlat rahbariga sodiqligini ko’rsatishga majbur bo’ldi.

"Klinton o’rtada murosa borligini namoyish etishga qattiq harakat qildi. Endi bo’lsa qarashlardagi farqlar asta-sekin yuzaga chiqmoqda. Kerri esa, mening nazarimda, Oq uy cheklovlaridan chekinib, tashqi siyosatda kattaroq rol o’ynashga urinadi", - deydi tahlilchi.

Xeydemanning aytishicha, Kerrining qonunchilikda orttirgan tajribasi diplomatiyada qo’l kelishi aniq.

"Kerri Senatdagi uzoq yillik tajribasi unga diplomatik sohada kattaroq, mustaqilroq rol o’ynashga imkon beradi, deb o’ylamoqda. Bu borada u davlat kotibi lavozimiga oz tajriba bilan kelgan Klintondan ancha farq qiladi", - deydi Xeydeman.

Eslatish joiz, Jon Kerri 2004-yilgi saylovlarda demokratlardan asosiy nomzod bo’lgan.

Amerika universiteti professori Pek Kun Xen fikricha, Klinton AQShning Osiyodagi diplomatik va tijoriy aloqalarini kuchaytirishga ko’p vaqt sarfladi. Ammo Kerrining ishi ancha osonroq bo’ladi, deydi u.

"Klinton Kerriga yo’l ochib berdi, desak xato bo’lmaydi”, - deydi professor.

Qo’shma Shtatlar Osiyo va Tinch okeani tashqi siyosatdagi ustuvor yo’nalish ekanini ma’lum qilgan. Ammo Kerrining ilk xorijiy safari Yevropa va Yaqin Sharqqa bo’ldi. Pek Kun Xenning aytishicha, u uzoq tarixga ega ayrim muammolar xususida Amerikaga ittifoqdosh davlatlar bilan maslahat qilishga ehtiyoj sezdi.

Stiv Xeydemanga ko’ra, Kerri Iroq va Afg’onistondagi urushlardan zarar ko’rgan diplomatik munosabatlarni tiklashga urinmoqda.

"Kerri diplomatiyaning kuch-qudratini, ittifoqchilar bilan hamkorlik ahamiyatini, bir tomonlama siyosatning zarar ekanini yaxshi tushunadi va Bush ma’muriyati xatolarini takrorlamoqchi emas", - deydi tahlilchi.

Shu oy Davlat kotibi Jon Kerri prezident Obama bilan birga Yaqin Sharqqa yo’l oladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG