Hindiston-Pokiston: Suv talash?

  • Amerika Ovozi

Hind daryosi bo'yida, Pokiston

Hind daryosi bo'yida, Pokiston

Hindiston va Pokiston o'rtasida suv kelishmovchiligi avj olishi mumkin degan xavotir hukmron. BMT mavjud kelishuvlar kuchda qolsin, deya undamoqda.

1960-yilda imzolangan bitimga binoan, Pokiston Hindistondan keladigan uch daryo suvidan foydalanishga haqli. Hindiston ham Pokistondan keladigan uch daryo suvini oladi.

Himolay tog'laridan boshlanadigan Hind, Chenab va Jelum daryolari Pokistonda dehqonchilik va ichimlik suvi ta'minoti uchun nihoyatda muhim manbalar hisoblanadi.

Hind, Jelum va Chenab daryolari Himolay tog'laridan boshlanadi

Hind, Jelum va Chenab daryolari Himolay tog'laridan boshlanadi

Oxirgi yillarda Dehlida bu suvlarni qo'shni davlatga bermaslik kerak degan talab kuchaydi. BMT Bosh kotibi muovini Yan Eliasson deydiki, Hindiston va Pokiston orasidagi ikki urushda ham buzilmagan bu bitimni endi o'zgartirish ahmoqlik bo'ladi.

"Suv hamkorlik, o'sish va mushtarak manfaatlar belgisi",- deydi Eliasson.

Tahlilchilar nazarida Hindiston hujjatga tegmaydi. Diplomat bu haqda gapirib, Pokistonni ogohlikka undab qo'yayotgan bo'lishi mumkin.

Yaqinda Kashmirda hind harbiylari joylashgan bazaga hujum qilinib, 18 askar o'ldirilgan. Xurujda Pokiston ayblanmoqda va Bosh vazir Narendra Modi keskin chora ko'rishi kerak degan fikr keng tarqalgan. Modining xalq orasidagi hurmati baland. Aksariyat hindlar biror davlat hujumiga hujum bilan javob berish kerak deb hisoblaydi. Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasi shundan darak bermoqda.

Islomobod Kashmirdagi xurujga aloqasi yo'qligini bildirib, Dehlini masalani chuqur o'rganishga va tahlil qilishga chaqirmoqda.

Biroq Dehlidagi siyosatdonlar Pokistonni terrorizm homiysi deb biladi. Hujumlarni Pokistonning o'zi bevosita qilayotgani yo'q, u quvvatlagan terroristlar orqali amalga oshirmoqda, deydi diplomatlar.

Pokiston ta'biricha esa u tomon oqadigan daryolarda Hindiston azaldan yangi GESlar qurishni xohlaydi va bu bilan qo'shni davlatni suvsiz qoldirmoqchi.

Hujum bahona mana shu maqsad olg'a surilmoqda, deydi Islomobod rasmiylari.

BMT tomonlarni hissiyotlarga berilmay bosiqlik bilan ish tutishga undamoqda. Har ikki davlat atom quroliga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG