Al-Qoidaning Iroqda maqsadi nima?

  • Amerika Ovozi

Iroq poytaxti Bag'dodning Sadr tumanidagi xurujda so'ng, 23-iyul, 2012-yil.

Iroq poytaxti Bag'dodning Sadr tumanidagi xurujda so'ng, 23-iyul, 2012-yil.

Dushanba kuni Iroqni larzaga solgan ketma-ket xurujlar vaziyat xorijiy qo'shinlar ketganidan so'ng hali ham qaltis ekanini, Iroq xavfsizlik kuchlarining zaif, al-Qoidaning esa kuchli tomonlarini namoyish etdi.

Xurujlar Iroqning 15 dan ziyod shaharlarida sodir etilib, oldindan puxta rejalangani aniq bo'ldi. Kamida 115 odam o'ldi, 200 dan ziyodi jarohat oldi.

Yaqin Sharq bo'yicha londonlik mutaxassis Tobi Aylsning aytishicha, asosan shialar yashaydigan nuqtalarda sodir etilgan xurujlarda ko'plab politsiyachi va zobitlar o'ldi.

"Xurujlar ko'lami va xarakteridan ularni al-Qoida amalga oshirganini bilish qiyin emas", - deydi u.

Guruh bugun buni o'zi ham tan olgan. Al-Qoidaga aloqador Iroq islomiy davlati guruhi internetdagi jihodchi saytda bu haqda ma'lum qildi.

O'zini to'da rahbari deb tanishtirgan odamning audiomurojaatidan yana shu narsa ma'lum bo'ldiki, kelajakda bu kabi xurujlar takrorlanadi. Iroq islomiy davlati iyun oyida ham qator xurujlarni amalga oshirib, 72 odamning hayotiga zomin bo'lgan edi.

AQSh kuchlari Iroqni tark etganidan so'ng sunniy jangarilardan iborat bu guruhlar Iroqda hokimiyatni qo'lga olgan shialarni o'ziga asosiy dushman deb biladi.

Londonlik yana bir tahlilchi Ranj Alaaldinning aytishicha, bu qadar keng ko'lamli xurujlarni rejalash uyushgan boshqaruv markazi, katta mablag' va tajriba talab qiladi.

"Bu ishni al-Qoidadan boshqasi eplay olmasligi aniq", - deydi u.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazining Iroq bo'yicha mutaxassisi Entoni Kordsmen nazarida mamlakatda al-Qoidaga aloqador jihodchi guruhlar ham bor va ular turli maqsadlarni ko'zlaydi.

"Rasmiylarni nishonga olish shulardan biri. Yirik xurujlar uyushtirib, matbuotda shov-shuv ko'tarish, hukumatning xavfsizlikni ta'minlash bobida layoqatsizligini namoyish etish, mamlakatni etnik va mazhablararo mojaro domiga tortish ham shu guruhlar maqsadlariga kiradi", - deydi Kordsmen.

Xurujlarning hukumatda nizo qilib kelayotgan turli siyosiy guruhlarni yarashtirishga qaratilgan muzokaralar bilan bir paytda sodir etilgani bejiz emas, deydi ayrim tahlilchilar.

"Jangarilar sobiq bosh vazir Ayad Allaviy boshchiligidagi sunniylar alyansi va amaldagi Bosh vazir Nuri Al-Malikiy rahbar shialar milliy ittifoqi o'rtasida kechayotgan muloqotni izdan chiqarmoqchi bo'lgan", - deydi kurd gazetasi muharriri Hoji Kirkukiy.

Entoni Kordsmenning xavotir bilan aytishicha, AQSh kuchlari tomonidan zaiflashgan Iroqdagi sunniy jangarilar koalitsiya qo'shinlari tark etganidan so'ng yana kuchga to'lmoqda.

"Sakkiz yillik faoliyatidan so'ng jangarilar xavfsizlik kuchlarining zaif tomonlarini yaxshi o'rganishga ulgurgan. Qayerda va qanday xuruj uyushtirsa, matbuotda shov-shuv ko'tarilishini yaxshi bilishadi", - deydi amerikalik tahlilchi.

Iroqda hozir xurujlardan bir oyda o'rtacha 300 odam o'ladi. Bu 2006-2007-yillardagi raqamlardan ancha kam. O'shanda oyiga ikki mingdan ziyod odam nobud bo'lardi.

Londonlik tahlilchi Alaaldinning aytishicha, al-Qoida xavfsizlik kuchlarining zaifligi, siyosiy tortishuvlar va mazhablararo ziddiyatlardan o'shanda unumli foydalangan.

"Hozir esa armiya kuchga to'lgan, hujum uyushtirish uchun sharoit yo'q", deydi u. "Odamlar janjaldan to'ygan, tinch hayotni istaydi. Shu sababdan hukumat ham ichki nizolarga qaramay parchalangani yo'q", - deydi Alaaldin.

Tahlilchilar nazarida shialarning ham, sunniylarning ham hukumatga ishonchi oshgan. Ilgari al-Qoidaga yon bosgan qabilalar ham hukumat bilan ish ko'rishni afzal ko'radi.

Entoni Kordsmenning aytishicha, Iroq xavfsizlik kuchlarining zaifligi shundaki, ular bo'lajak xurujlar haqida razvedka ma'lumotlarini to'plashda yetarli salohiyatga ega emas, politsiya va aksil-terror bo'linmalar kelishib ishlolmaydi.

"Iroqda ilg'or razvedka va kuzatuv tizimlari, pilotsiz samolyotlar va jangovar vertolyotlar mavjud emas. Siyosiy kuchlar o'rtasidagi tortishuvlar ham xavotirga molik", - deydi Kordsmen.

"Milliy birlik hukumatini yaratish rejasi ish bermadi. Aksincha, Bosh vazir Nuri al-Malikiy va sunniy guruhlar o'rtasida ziddiyatlar kuchaydi. Jangarilar bundan unumli foydalana oladimi, yo'qmi, bilmayman, ammo bu tashvishlanarli hol", - deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG