"Islomiy davlat" Suriyani boy bermoqda

  • Amerika Ovozi

27-mart kuni Palmira tortib olingach, Rossiya muhandislari hududni minalardan tozalashga kirishgan

27-mart kuni Palmira tortib olingach, Rossiya muhandislari hududni minalardan tozalashga kirishgan

"Islomiy davlat" jangari guruhi Suriyada ham isyonchilar, ham armiyadan katta talofatlar ko'rayapti. Daish Turkiya bilan chegarada strategik manzilni qo'ldan boy berib, Himsdan chekinishga majbur bo'lgan.

Amerika boshliq koalitsiya Suriyaning Halab shahrida "Islomiy davlat" manzillarini tinimsiz bombardimon qilmoqda. Rossiya harbiy-havo kuchlari ham sharqdagi viloyatlarga o'q yog'dirayapti. Natijada kamida 40 jangari o'lgan.

Bir necha kun oldin Suriya armiyasi Rossiya harbiy samolyotlari va vertolyotlari yordamida qadimiy Palmira shahrini jangarilardan tortib oldi. Bu esa kuchga to'lib borayotganini aytib maqtangan ekstremist to'da uchun jiddiy zarba bo'ldi. Palmira "Islomiy davlat"ni Iroq bilan bog'lab turgan muhim ta'minot nuqtasi bo'lib qolayotgan edi.

"Islomiy davlat" o'tgan yilning yozida shiddat bilan Suriyaning katta hududlarini bosib olgan, biroq o'shandan beri anchayin rayonlarni qo'ldan chiqarib ulgurgan. Britaniyada asoslangan mudofaa tahlil markazi "IHS Jane's 360"ning xulosa qilishicha, ekstremist to'da Suriyada keskin yengila boshlagan.

"Islomiy davlat" chekinmoqda

Isyonchi kuchlar, xususan, Halab shahridan jihodchilarni haydab solishga muvaffaq bo'lgan. Turkiya bilan chegaradagi al-Kamaliya shahri ham ekstremistlardan tortib olindi. Tal Shair, Soran va al-Ahmadiya shaharlarida isyonchilar va Amerika havo kuchlari jangarilarga o'q yog'dirayapti. Hims viloyatida al-Qaryatayn shahridan radikal jangarilar tumtaraqay qochib qolgan.

Biroq Assad armiyasi bu hududlarga kirishga shoshmayapti, chunki jangarilar ko'p joylarni minalashtirishga ulgurgan. 27-mart kuni Palmira tortib olingach, Rossiya sapyorlari hududni minalardan tozalashga kirishdi.

Vashingtonda asoslangan Urushni o'rganish tahlil instituti olimi Kris Kozak so'zlariga ko'ra, Hims sharqiga Suriya armiyasining besh ming askari, qo'shni Livan, Iroq va Erondan yuzlab askar safarbar etilgan. AQSh va Rossiya vositachiligida erishilgan sulh sharofati bilan bu askarlar asosiy e'tiborni jihodchilar bilan jangga qarata oldi, deydi ekspert.

Beqarorlik alomatlari

"Islomiy davlat" to'dasi har tomondan zarba yer ekan, jangarilar soni kamayib borarkan, Daish qarorgohi hisoblangan Raqqada qaroqchilik, o'g'rilik ko'lami oshgan. Hududda qat'iy tartib o'rnatganini da'vo qilib kelgan "Islomiy davlat" har doimgiday shafqatsiz chora ko'rdi - odamlar ayovsiz qatl etila boshladi.

O'tgan chorshanba "Islomiy davlat" qo'mondonlaridan biri Abu al-Hayjanining o'ldirilishi ketidan 15 nafar jihodchi qatl etildi. Ular al-Hayjanining qayerda ekanini koalitsiya kuchlariga bildirganlikda ayblandi.

Jangarilar Raqqada yana sakkiz nafar yosh yigitni otib o'ldirgani ma'lum. Ba'zilar "Islomiy davlat" safidan qochishga uringanlik, boshqalari o'g'rilik va poraxo'rlikda ayblangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG