"Islomiy davlat" radiosi Afg'onistonda dasturlarini kengaytirdi

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangari guruhi Afg'onistonda o'tgan yili boshlagan radio nafaqat ishlab turibdi, balki dasturlarini kengaytirmoqda. Afg'on-Pokiston chegarasidagi olis bir hududdan efirga chiqayotgan "Xalifalik Ovozi" shu hafta dari tilida ham eshittirishlar tayyorlay boshladi.

FM stansiya "Islomiy davlat" jangarilari faollashayotgan hududda tahdidli xabarlar tarqatmoqda. Uning to'lqinlari Nangarhor viloyati poytaxti Jalolobod, shuningdek, Pokistonga qo'shni tumanlargacha yetib boradi.

Xalifalik radiosining Jalolobodda allaqachon o'z muxlislari bor.

"Uch oydan beri tinglab kelayapmiz. Dasturlarda Qur'on oyatlari va hadislardan qo'yishadi", - deydi 14 yoshli Ahmadulla.

Efir har kuni kech soat 7 dan 9 gacha. Programma, asosan, qiroatlar, Afg'oniston hukumati va Tolibonga qarshi propaganda, “Islomiy davlat”ga qo’shilishga da’vatlar, davlat xodimlariga qarshi tahdidlar va guruh a’zolari bilan suhbatlardan iborat.

Jaloloboddagi faollardan biri Abdul Rahmonning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, agar radio ishini davom ettirsa, “Islomiy davlat”ga qo’shilaman degan odamlar bor. “Ular hazillashyaptimi, yo’qmi, unisini bilmayman”, deydi u.

Afg’oniston rasmiylari jihodchilar radiosini tez orada yo’q qilamiz, deya va’da bergan. Biroq dasturlar aynan qayerdan uzatilayotganini hech kim aniq bilmaydi.

“Ular bir joydan ikkinchi joyga ko’chib yuribdi. Aniq bir joyda o’rnashmagan. Shuning uchun topa olmayapmiz”, - deydi Nangarhor hokimi so’zlovchisi Atovullo Xogyani.

Abdul Rahmon singari faollar “Islomiy davlat” Afg’oniston shu tariqa tashviqot olib borayotgani, o’z eshittirishlari orqali a’zo to’playotganidan xavotir bildirmoqda.

Nangarhor viloyatida so’nggi payt guruh a’zolari ko’paygan. Ular bir necha tumanlarda afg’on harbiylariga qarshi hujumlar uyushtirgan.

AQSh senatori Jon Makkeyn “Amerika Ovozi”ning Afg’on xizmati bilan suhbatda “Islomiy davlat”ni Afg’oniston uchun tahdid deya baholadi.

“Bu guruh nafaqat Afg’onistonda, balki Liviya, Misr va bir qancha boshqa davlatlarda ham in qo’ymoqda. Uni to’xtatishga qaratilgan amaldagi strategiyamiz xom”, - deydi senator.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG