Isroil qonli reyd uchun Turkiyadan kechirim so'radi


Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu 2010-yilda Turkiya gumanitar kemasiga qilingan hujum uchun rasman kechirim so'rab, diplomatik aloqalar tiklanishini e'lon qildi. Yaqin orada elchilar o'z lavozimiga qaytadi.

Diplomatik yarashuv AQSh rahbari Barak Obamaning Isroilga tashrifi chog'ida va uning vositachiligida amalga oshdi.

Netanyaxu Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an bilan telefonlashib, Isroil harbiylari o'tkazgan reydda qon to'kilgani uchun uzr so'ragan. G'azo sektoriga gumanitar yordam eltayotgan "Moviy Marmara" kemasida o'shanda bir amerikalik va sakkiz turk o'lgan edi.

Turkiya bosh vazir idorasi tarqatgan bayonotga ko'ra, yahudiy davlati o'lganlar oilalariga kompensatsiya to'lashga ham rozi.

"Isroil hukumati bugundan e'tiboran Falastin hududlariga, jumladan, G'azoga noharbiy mahsulotlar olib kirishni taqiqlovchi choralarni bekor qiladi. Tinchlik-osoyishtalik bo'lsa, ushbu holat uzluksiz davom etadi", - deyiladi bayonotda.

Tomonlar Falastindagi gumanitar ahvolni yaxshilashga kelishib olgan.

Qayd etish joiz, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2010-yilgi voqeani tekshirib, Isroil harbiylari haddan ziyod kuch qo'llagani haqida xulosa qilgan bo'lsada, Isroil afsus bildirish bilan cheklangan. Anqara Isroil elchisini haydab, harbiy hamkorlikni to'xtatgan edi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Netanyaxu va Erdog'an o'rtasidagi telefon suhbat o'zaro aloqalarni normallashtirish tomon qo'yilgan ilk qadam. Har ikki davlat AQShning regiondagi eng yaqin ittifoqchilaridan hisoblanadi.

"AQSh Isroil va Turkiya bilan munosabatlarini qadrlaydi. O'rtada aloqalar tiklanishi mintaqada tinchlik va xavfsizlik uchun xizmat qiladi", - deydi prezident Obama.
XS
SM
MD
LG