Breaking News

G'arb "Islomiy davlat"ga qarshi kurdlarni qurollantira boshladi


"Islomiy davlat"ga qarshi kurdlar qurollantirilmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

G’arb davlatlari, xususan, AQSh shimoliy Iroqda sunniy jangarilarga qarshi kurash olib borishi uchun peshmerga kurdlarini qurollantira boshladi. Ammo bu harakatdan kurdlarning harbiy qudrati oshib, ular Iroqdan mustaqillik talab qilishga o’tishi mumkin, degan xavotirlar bor. Ayni paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti o’zining so’nggi 30 yil ichidagi eng katta gumanitar yordam dasturini boshladi. Iordaniya, Birlashgan Arab Amirliklari hamda Turkiya kabi qo’shni o’lkalardan iroqlik yuz minglab qochoqlarga yordam yuklari yetkazilmoqda. “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash esa davom etmoqda.

Irbilda hayot qaynaydi. 10 yildan beri davom etayotgan nisbiy tinchlikka o’rganib qolgan kurdliklar “Islomiy davlat” guruhi solayotgan yangi tahdiddan jiddiy xavotirda.

“Boshqa odamlarga o’xshab men ham bu yerga qurol sotib olgani keldim. Oilamni va vatanimni himoya qilmoqchiman. Lekin bu yerdagi barcha qurollar eski va o’q-dori ham eskirgan”, - deydi Luqmon ismli fuqaro.

Kurdlarning sovetlar davridan qolgan qurollarini yangilash jarayoni ketmoqda. Bir qator G’arb davlatlari, jumladan, AQSh va Fransiya allaqachon peshmerga kuchlariga qurol yetkazishni boshladi.

Kurdlar azaldan mustaqil davlatlariga ega bo’lishni orzu qiladi. G’arbdan oqib kelayotgan zamonaviy qurollar bu masalani yana qo’zg’ab, kutilmagan natijalarga olib borishi mumkin, deydi Londondagi Qirollik birlashgan xizmatlar instituti tadqiqotchisi Afzal Ashraf.

“Kurdlarning vatani Iroq, Eron, Suriya va Turkiyaning bir qismini o’z ichiga oladi. Kurd hukumatidagi millatchilar yangi qurollar yordamida mustaqillik g’oyasini amalga oshirishga kirishsa, bu mintaqa barqarorligi uchun tahdid soladi”, - deydi u.

Sunniy jangarilarga qarshi kurash bir-biriga muxolif kurd guruhlarini birlashtirmoqda, deydi London Iqtisodiyot maktabining Yaqin Sharq markazi tadqiqotchisi Zeynep Kaya.

“Islomiy davlat” guruhi Suriya va Iroqdagi kurdlarni birlashtirmoqda. Garchi ular shu paytgacha bir-biri bilan yaxshi aloqada bo’lmagan bo’lsa ham. Ular hozir peshmerga kurdlariga yordam bermoqda”, - deydi u.

Kurdiston ishchilar partiyasi uzoq yillar avtonomiya uchun Turkiya hukumatiga qarshi kurash olib bordi. Ayni paytda ular tinchlik muzokaralariga qo’shilgan. Kurdiston viloyati hukumati kurd millatchiligini kuchaytirish orqali Anqarani xafa qilishni istamaydi, deydi Kaya.

“Kurdistonning neft eksporti Turkiyaga bog’liq. Kurdlar mintaqa va Iroqda ta’sirlarini qanchalik oshirsa, Turkiyaga shunchalik qaram bo’lib boradi”, - deydi tahlilchi.

Kurdiston hukumatining mustaqil neft sotishidan Bag’dod norozi, deydi kurd hukumati rasmiysi Bayan Sami Abdul Rahmon.

“Bag’dod gaz va neft sanoatini o’z nazoratiga olishga urinadi. Biz, tabiiyki, bunga qarshi chiqdik. Bag’dod qachon bizni nazorat qila olmasa, jazolashga o’tadi. Yanvardan beri byudjetimizni olganimiz yo’q. Bu bugungi vaziyat uchun ahmoqgarchilik. Kurdiston dunyoning eng boy va yaxshi qurollangan terrochi guruhi bilan yuzlashib turgan bir paytda Bag’doddan pulimizni ololmayapmiz”, - deydi Kurdiston hukumati vakili.

Bayanga ko’ra, Iroq davlat sifatida yashab qolishni istasa, katta o’zgarishlarni amalga oshirishi kerak.

“Islomiy davlat”ni mag’lub etib, biz odatdagi hayotimizga qaytsak ham, u endi ilgarigidek hayot bo’lmaydi. Haqiqat shuki, agar Iroq yaxlit qolishni istasa, mamlakat viloyatlarga bo’linib idora qilinishi kerak”, - deydi u.

Hozircha Kurdiston masalasi bir chetga surib turiladi. Chunki kurdlar, iroqliklar hamda G’arb “Islomiy davlat” jangarilariga qarshi birgalakda kurashishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG