Xotin-qizlar o'z haq-huquqlarini bilishi shart, O'shdan hikoya


Qirg'iziston janubidagi qishloqlarda

Qirg'iziston janubidagi qishloqlarda

Mahalliy nodavlat tashkilotlarga ko’ra, Qirg’izistonda xotin-qizlar duch kelayotgan asosiy qiyinchlilk hamda muammolar bu - ishsizlik, moddiy taqchillik, oilada erkaklar zo’ravonligi. Balog’at yoshiga yetib-yetmay kuyovga uzatilayotgan qizlar odatda turmushda qiynaladi, salomatligi zaif, o'z haq-huquqlaridan bexabar va yordamga muhtoj.

O’rta yoshlardagi suhbatdoshimiz o'zini Zuhraxon deb tanishtiradi. Biz u bilan O’sh shahrining hiybonlaridan birida uchrashdik. U kishi mahalliy nodavlat tashkilotga ko’mak izlab borgan ekan. Nogironlar aravachasida qizchasi mudrab o’tiribdi. O’zining salomatligi ham yaxshi emasligi ko’rinib turibdi.

“Yoshligimda yetim qoldim, bozorda ul-bul sotib tirikchilik qildim. Oila qurib ham halovat topmadim. Kuyovim ichadi, har kun janjal-to’polon. O’g’lim chidamay uydan qochib ketgan kunlar bo’ldi”, - deya hikoya qiladi ayol.

Zuhraxon ishlamaydi - qizini parvarish qilmasa bo’lmaydi. Qolaversa, ishning o’zi ham yo’q. Bozorda mayda savdo yurgizish uchun ham mablag’ kerak.

“Qizalog’im uchun davlat berayotgan 3 ming so’m nafaga pulini (taxminan 40 AQSh dollariga teng) oydan-oyga qanday yetkazganimni bilmayman. Kuyovim yosh bo’la turib, insult boshidan kechirdi, qon bosimi bor ekan. Nafaqasi oz, bizga bir so’m ham bermaydi. Baribir ichayapti. Qizimni davolatishim kerak. Bu yoqda o’g’limning tarbiyasi qo’ldan chiqib ketishidan qo’rqaman”, - deydi horg’in ovozli Zuhraxon.

Mahalliy nodavlat tashkilot rahbari ruhshunos Elmira Umarova deydiki, o’z vaqtida to’liq o’rta ma’lumot olib ulgurmagan Zuhraxon o’z haq-huquqlarini ham bilmaydi. Uzoq muddat davomida hatto ota meros uyni ham rasmiylashtirib olmagan.

“Yana aytish joizki, erkaklarimiz savodsizligi - islomiy va dunyoviy qadriyatlardan xabari yo’qligi natijasida ayollar qiynalayapti. Nogiron qizli bu mushtiparga na eri, na akalari yordam beradi”, - deydi Umarova.

Hozirda, ayniqsa Qirg’iziston janubida, qizlarni o’rta maktabni bitib-bitirmay kuyovga uzatish rasm bo’lgan.

“Ular Zuhraxon kabilar toifasini to’ldiradi, deyish mumkin - haq-huquqdan bexabar, tayin kasbi yo’q. Yo qaynona-qaynota, yo turmush o’rtog’ining uddasidan chiqolmaydi. Oqibatda turmush darz ketadi”, - deydi suhbatdosh.

Ish topish oson emas, lekin topsangiz ham maoshga yashash qiyin. Biroq mehnat qilishning ham o'z gashti bor.

Ish topish oson emas, lekin topsangiz ham maoshga yashash qiyin. Biroq mehnat qilishning ham o'z gashti bor.

​Bilimli qiz-kelinlar ham ishga chiqolmay, olgan ma'lumlotidan foydalana olmay, hayotda o’z o’rnini topolmay, xonadonda gap-so’zi o’tmaydigan unsiz beka sifatida qolib ketayotgan hollar ko'p.

“Sababi o’sha-o’sha - oiladagi bosim, - deydi Elmira Umarova. - O’sha muhit ayolga o’z ustida ishlashga, rivojlanishga yo’l bermaydi”.

Qanchalik qiyin bo’lmasin, Zuhraxon yaxshi kunlar kelishiga ishonadi.

“Qizim oyoqqa turib ketsa, o’g’lim katta bo’lib ishga kirga - mana mening baxtim. O’zim ham harakat qilaman”, - deydi u.

“Ayol uydan chiqib, kimgadir ko’nglini yoza olsa - yengil his oladi, keyin harakat qila boshlaydi. Yaxshilikka intilib, kelajakka ishonib yashash kerak”, - deydi Elmira Umarova.

Bu dunyoda yaxshilikka, kelajakka ishonmagan ayolning o’zi bo’lmasa kerak. Aks holda u bu ulkan kuch-g’ayrat, irodani qaydan topardi?

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG