Yaqin Sharqda tinchlik orzusi: O’tgan bir yil mobaynida nimalarga erishildi?


Yaqin Sharqda tinchlik orzusi: O’tgan bir yil mobaynida nimalarga erishildi?

Yaqin Sharqda tinchlik orzusi: O’tgan bir yil mobaynida nimalarga erishildi?

Uzoq yillardan beri yechimi ko’rinmayotgan Isroil-Falastin ixtilofi yaqin kelajakda hal qilinadi, Falastin davlati qaror topadi degan umidlar oqlanmadi.

Barak Obama prezidentlikka saylanganida tinchlik uchun bor kuchimni sarflayman degan edi. Bugun muloqot yana to’xtab qolgan.

Ammo vazifa qanchalik murakkab bo’lmasin, Qo’shma Shtatlar Isroil-Falastin o’rtasida vositachi rolini davom ettirishga ahd qilgan. Xo’sh, o’tgan bir yilda nimalarga erishildi?

Iordan daryosining g’arb sohilida yashovchi falastinlik Imron Akram har yil so’nggi o’z bog’ida zaytun terardi. Bu safar hosil bo’lmadi. Yaqin atrofda yashovchi yahudiylar bog’ini payhon qilib, daraxtlarni kesgan. “Bizni bu yerdan siqib chiqarishmoqchi”, deydi u.

“Amerika tinchlik muzokaralariga vositachilik qilyapti. Isroil okkupatsiyasi tugarmikan, deb umid qilgandik. Hammasi chippakka chiqdi”, - deydi Imron Akram.

“Muloqot boshlanmasidan oldin umidga to’la edik. Tinchlik bo’ladi deb o’ylagan edim. Hammasi safsata”.

Prezident Barak Obamaning Yaqin Sharq bo’yicha maxsus vakili Jorj Mitchell mintaqaga qatnab, tomonlarni muzokara stoliga qaytarishga urindi. May oyida Arab Ligasi uchinchi davlat orqali muloqot qilish rejasini yoqlab chiqdi.

“Amerika bizning pozitsiya va talablarimizni inobatga olgani yaxshi, biroq amaliy ishlarga qarab baho beramiz”, - degan edi o’shanda Falastin bosh muzokarachisi Soib Erekat.

Falastin hukumatiga ko’ra, Isroil istilosi ostidagi g’arbiy sohilda qurilish to’xtasagina, bevosita muloqot davom etadi. AQSh bosimi ostida Isroil uy qurishni 10 oyga to’xtatdi. Natijada muzokaralar shu yilning sentabr oyida Vashingtonda qayta boshlandi.

“Xalqingiz kelajagi, farovon hayoti yo’lida muhim qadam qo’ydingiz. Tinchlik o’z qo’lingizda”, - degan edi o’shanda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Muloqot uzoqqa bormadi. 10-oylik moratoriy tugagach, Isroil yana qurilishga kirishdi. Falastinliklar muzokarani tark etdi. AQSh diplomati Jorj Mitchell yana mintaqaga yo’l oldi:

“Tomonlarni murosa va muloqotga chorlovchi harakatlarimizni davom ettirishga ahd qilganmiz”, - deydi diplomat.

Qo’shma Shtatlar qurilishni ma’lum muddatga to’xtatish evaziga Isroilga qiruvchi samolyotlar va diplomatik imtiyozlar va’da qilgan edi. Isroildan aniq javob olinmagach, dekabr boshida taklif bekor qilindi. Isroilda ayrimlar Falastin bilan muloqotga qarshi.

“Muzokaradan biror naf chiqmasligini boshidan biluvdim. Chunki falastinliklar jur’atsiz, dadil qaror qila olmaydi. Biz ko’ndik: Sinaydan qo’shinlarimizni chiqardik, G’azodan qaytardik, evaziga nimaga erishdik”, - deydi ulardan biri.

Isroilliklar nazarida 2005 yilda G’azoni tark etish xato qaror bo’lgan. Hudud Xamas jangarilari qo’liga o’tib, u yerdan Isroilga raketalar yog’ila boshladi.

“Arab territoriyalaridan ketib, yangi do’st orttirmadik. Hayot osoyishta bo’lmadi”, deya noliydi bu davlat fuqarolari.

Imron Akram kabi falastinliklarning ham hafsalasi pir. AQSh, Isroil va Falastin tez orada yechim topmasa bo’lmaydi, deydi u.

“Bizga ham, yahudiylarga ham tinch yashash nasib etsin. Men oddiy bir dehqon. Ular kelib, daraxtlarimni kesib ketdi. Bog’im – tirikchiligim. Uni vayron qilib, jonimni olishganday bo’ldi”, - deydi falastinlik.

Yil oxirlab borar ekan, yangi 2011 yil Yaqin Sharqqa tinchlik olib kelishiga ishonch past.

XS
SM
MD
LG