Ostonadagi sammitda demokratik talablar, xavfsizlik va mojarolar muhokamada

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kelajagini uning nimaga qodir ekani hal qiladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kelajagini uning nimaga qodir ekani hal qiladi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Markaziy Osiyo davlatlarini erkin dunyoning bir qismiga aylanishga chaqirmoqda.

“Bu asrda muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, inson huquqlarini e’zozlashni o’rganishingiz kerak”, - dedi u, kecha Qozog’siton poytaxti Ostonada Yevrosiyo Universitetida talabalar, jamoatchi faollar va arboblar bilan muloqot qilar ekan.

Xillari Klinton nazarida Qozog’iston, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bu yilgi raisi, erkinlik bobida ancha oldinga siljigan, lekin mintaqadagi boshqa jamiyatlar singari bu yerda ham demokratiya yo’lida turgan muammolar talaygina.

Qozog’iston iqtisodiy jihatdan Markaziy Osiyodagi eng ilg’or mamlakat bo’lishi mumkin, lekin u demokratik tuzum emas, deydi ayni damda bu yurt poytaxtida o’tayotgan katta sammit kuzatayotgan mutaxassislar.

“Bu asrda muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, inson huquqlarini e’zozlashni o’rganishingiz kerak”, - dedi Xillari Klinton.

“Bu asrda muvaffaqiyat qozonishni istasangiz, inson huquqlarini e’zozlashni o’rganishingiz kerak”, - dedi Xillari Klinton.

Bugun bu anjumanni ochgan prezident Nursulton Nazarboyev Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Yevrosiyo xalqlarini bir hamjamiyat sifatida shakllantirishga chorladi.

“Bu uyushmani isloh qilib, mamlakatlar orasidagi hamkorlikni oshirish kerak”,- dedi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun ham so’zga chiqib, Qozog’iston mintaqaviy xavfsizlik va taraqqiyot uchun xizmat qilmoqda deya maqtadi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov o’z ma’ruzasida davlatlardan Afg’oniston va Qirg’izistondagi vaziyatga diqqat qaratishni so’radi. Uning qayd etishicha, O’zbekiston bu borada qo’ldan kelgan barcha ishlarni qilmoqda.

Norov shu yili O’sh va Jalol-Obodda kuzatilgan qonli voqealarni mustaqil tergov qilish talabini olg’a surdi.

Qirg’iziston yordamga muhtoj albatta, deydi u, lekin adolat ta’minlanishi, yuzlab insonlar hayotiga zomin bo’lgan hodisalar ortidagi shaxslar javobgarlikka tortilishi kerak, deydi O’zbekiston tashqi ishlar vaziri.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton fikricha Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kelajagini uning nimaga qodir ekani hal qiladi.

“Mojarolarning oldini olish va huquqni ta’minlash - eng ustuvor maqsad ekanini unutmaslik kerak”, - dedi u.

"Tashkilotni tuzishdan asosiy maqsad o'zi shu bo’lgan",- deydi Xillari Klinton.

Prezident Nazarboyev BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan

Prezident Nazarboyev BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan

“Konstitutsiya erkinliklarni vakolatlaydi deyish bilan ish bitmaydi. Amalda masalan jurnalistlar bosim ostida, hatto kaltaklanayotganini ko’rayapmiz. Saylov bo’lsa, butun jarayon oshkora, adolatli va qonunga binoan hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining izchil kuzatuvi ostida o’tishi kerak”,- deydi Klinton xonim.

“Saylangan rahbarlar demokratik talablarni buzmasligi, davlatchilikni mustahkamlash uchun odilona ish yuritishi kerak. Biz bu tashkilot a’zolaridan yangi prinsip va tamoyillar qabul qilishni so’rayotganimiz yo’q, amaldagi qonun va majburiyatlarni oqlang”, - deydi AQSh Davlat kotibasi.

Xillari Klinton Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini Afg’onistonni qayta qurishda hissa qo’shishga ham chaqirdi. Shuningdek, tashkilotga a’zo mamlakatlarda yechimini kutib yotgan mojaro va kelishmovchiliklarni hal etish uchun yangi harakatlar boshlashga undadi.

Xususan Klinton xonim Qirg’izistondagi etnik to’qnashuvlar, ozchilikdagi elatlarning huquqlari, Moldovada Dnestr mintaqasi bilan bog'liq muammo, Armaniston va Ozarbayjon orasidagi uzoq yillik tortishuv - Tog’li Qorabog’ taqdirini tilga oldi.

Ostona, 1 dekabr 2010

Ostona, 1 dekabr 2010

Rossiya keyingi paytlarda tashkilot bilan hamkorlikni kuchaytirgan, deydi AQSh Davlat kotibasi, ammo Kreml hamon bu uyushma kuzatuvchilarini Abxaziya va Janubiy Osetiyaga kiritmayapti. Gruziya har ikki o’lkani o’z hududi deb biladi, lekin Rossiya nazarida ular mustaqil mamlakatlar.

“Gruziya ham Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining a’zosi va yordam so’ramoqda. Tashkilot o’z vazifasini bajarishi kerak. Tomonlar mavjud qoida va qonunlarga rioya qilishi shart”,- deydi Xillari Klinton, 2008 yilda Rossiya va Gruziya orasidagi urush oqibatlariga ishora qilib.

Xillari Klinton bugun Belarus Tashqi ishlar vaziri Sergey Martinov bilan alohida suhbat qurib, Amerika bu davlatga Sovet davridan qolgan yadroviy chiqindilar va uran moddasidan qutulishda yordam berishini aytgan.

19 dekabr kuni bu mamlakatda prezident saylovlari. Amerika va Yevropa davlatlari Aleksandr Lukashenkoni diktator deb biladi. Saylovlarni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatishi uchun ruxsat berilgani ijobiy hol, deydi Xillari Klinton.

Ostonadagi sammit ertaga yakunlanadi. AQSh Davlat kotibasi Bishkek va Toshkentda bo’lib, Qirg’iziston va O’zbekiston rahbarlari bilan uchrashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG