Rossiya boshliq iqtisodiy ittifoq kengaymoqda

  • Amerika Ovozi

Moskva, 23-dekabr, 2014

Moskva, 23-dekabr, 2014

Besh mamlakatni o’z ichiga olgan Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi 1-yanvardan boshlab rasman ishga tushadi. A’zo davlatlar ushbu sana oldidan Moskvada majlis qildi. U yerdagi muxbirimiz Daniel Sherfning hikoya qilishicha, yangi tuzilma Rossiya iqtisodiyoti inqirozga sho’ng’iyotgan bir paytda ish boshlayapti.

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi Rossiya, Belarus va Qozog’istonni o’z ichiga oladi. Uyushmaga Qirg’iziston va Armaniston ham qo’shilmoqda.

Ammo G’arb sanksiyalari va neft arzonligidan Rossiya iqtisodi jiddiy ziyon ko’rar ekan, savdo uyushmasiga kirayotgan qo’shnilar ham qiyin ahvolda.

Prezident Vladimir Putin majlisdan so’ng optimistik ruhda so’zladi.

“Jahon savdo tashkiloti begilagan qonun-qoidalar asnosida 170 million kishini o’z ichiga olgan va qiymati 4,5 milliard dollarga teng umumiy bozor yaratilmoqda”, - dedi Putin.

“Integratsiya tomon qadam tashlayotgan barcha davlatlar bundan foyda ko’radi. Boj va ma’muriy to’siqlar olib tashlanib, biznes va sarmoya uchun imkoniyatlar kengayadi”, - deydi Rossiya rahbari.

Imtiyozlar yanvardan Belarus, Rossiya va Qozog’iston o’rtasida amal qila boshlaydi. Armaniston va Qirg’iziston kelasi olti oyda ittifoqning to’liq a’zosiga aylanishi kutilmoqda.

Yil boshida Ukraina rahbari Viktor Yanukovich Yevropa bilan integratsiyadan voz kechib, Rossiya boshliq ana shu ittifoqqa kiraman deb, inqilobga turtki bergan edi va natijada hokimiyatdan ketdi.

Buning ketidan Rossiya Qrimni tortib oldi va Ukraina sharqida o’z davlatini tuzgan ayirmachilarga har tomonlama ko’mak berib kelmoqda.

Kiyevdagi yangi rahbarlar Yevropa Ittifoqi a’zoligi tomon harakat boshlagan. Rossiyadan yanada uzoqlashish uchun Ukraina bloklarga va harbiy tashkilotlarga qo’shilmaslik maqomini bekor qildi.

Tashqi ishlar vaziri Pavlo Klimkin so’zlariga ko’ra, Ukraina agressiya bilan yuzlashib turgan bir sharoitda, mazkur qonun maqsadga erishishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi. NATO alyansi bilan hamkorlik oshadi.

Rossiya bu qarorni tinchlik muzokaralariga tahdid deya qoraladi. Sentabr oyida imzolangan sulh shartlarini bajarish uchun ayni damda bo’lginchilar, Ukraina, Rossiya va Yevropa rasmiylari ishtirokida qayta muloqot boshlangan.

Siyosiy sharhlovchilar fikricha, Rossiya bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlashidan maqsad Ukrainani beqaror holatda saqlab turishdir, toki bu davlat NATOga a’zo bo’la olmasin. Alyans urush holatidagi mamlakatlarni safiga qabul qilmaydi.

Moskvadagi yig’ilish oldidan Belarus va Qozog’iston rahbarlari Kiyevda to’xtab o’tdi. Kuzatuvchilar buni Rossiya va Ukraina o’rtasida o’ziga xos muvozanatni saqlashga harakat deb baholamoqda.

Siyosatshunos Balas Jarabik deydiki, Rossiyaning qo’shnilari uchun siyosiy va iqtisodiy xavfsizlik juda muhim.

“Rossiya o’zini va Ukrainani iqtisodiy jihatdan xonavayron qilsa, navbat Belarusga ham yetadi. Shuning uchun prezident Aleksandr Lukashenko bu ikki davlatni yarashtirishga harakat qilayapti”, - deydi u.

“Kiyevga tashrif yana shundan dalolatki, Qozog’iston va Belarus Rossiyaning propagandasiga ishonmaydi. Rossiyaning agressiyasiga biz ham uchrashimiz mumkin degan xavotir bor”, - deydi suhbatdosh.

Rossiya qonunchilari uchala davlatni siyosiy va harbiy jihatdan mahkamroq bog’lashni taklif etgan edi, biroq Belarus va Qozog’istonning bildirishicha, maqsad faqat iqtisodiy integratsiya. Ular Yevropa va Shimoliy Amerikadan oziq-ovqat importini vaqtincha cheklashga ham ko’nmagan.

Xususan, prezident Aleksandr Lukashenko Moskvani keskin tanqid qildi. Ma’lumki, Rossiya G’arb sanskiyalariga javoban Yevropa Ittifoqidan oziq-ovqat xarid qilmay qo’ygan. Ammo bu mahsulotlar Belarus orqali Rossiyaga kirayotganini gumon qilib, Kreml Belarusdan go’sht va sut importini to’xtatgan.

“Xalqaro normalarga zid ravishda, bizni tranzit huquqidan mahrum qilishyapti. Bu Rossiyaning bir tomonlama qarorlari”, - deya nolidi Lukashenko.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG