O’sh va Jalol-Obodda o’qimishli va malakali mutaxassislar siyraklashgan


O’sh va Jalol-Obodda o’qimishli va malakali mutaxassislar siyraklashgan. Ayniqsa iyun oyidagi qirg’in ketidan imkon topganlar chet elga chiqib ketish harakatida. Yoshlarni mahalliy iqtisodiyot va turmushni yaxshilash yo’lida ishlashga undash oson emas, deya tan oladi mintaqada faoliyatini kengaytirayotgan xalqaro tashkilotlar. Ularga ham xodimlar kerak.

Janubiy Qirg’iziston ro’znomalari shu kunlarda ishga chaqiruvchi e’lonlarga to’la.

Avvallari nufuzli xorijiy tashkilotlarga kirish oson bo’lmagan. Hozirda esa talabalar ham ishga olinmoqda.

“O’sh Texnologik Universitetining beshinchi kursini tugatdim. Bu ishni gazetadagi e’lon orqali topdim. Murojaat qildim, keyin hujjatlarni topshirib suhbatdan o’tdim ”, - deydi bir yigit.

“O’zimning soham bo’yicha ish juda kam edi oldin. Hozir ham kam va ish topish qiyin. Lekin iyundagi hodisalardan keyin xalqaro tashkilotlar ko’payib, ish ham ko’paydi. Mutaxassislarning ko’pi chet elga chiqib ketgani sababli men ishga kira oldim”,- deydi u.

“O’sh hodisalaridan oldin xalqaro tashkilotlar Qirg’izistondan chiqib ketayapti degan fikrda edim”, -deydi Alisher Hamidov, tahlilchi.

“Bu voqealardan keyin ko’p miqdorda kirib kelayapti bu tashkilotlar. Turli xil loyihalar va mablag’ bilan. Lekin shu jarayon bilan birgalikda boshqa bir jarayon ham kuzatilmoqda: O’sh, Jalol-Obod, umuman Janubiy Qirg’izistondan juda ham ko’p tajribali yoshlar chiqib ketmoqda. Natijada xalqaro tashkilotlarga yaxshi mutaxassislar yetishmayapti ”.

Mintaqada quruvchilar, muhandislar, shifokorlar va o’qituvchilar kamayib ketgan.

“Bizning O’sh shahrimizda juda ko’p vrachlar, o’qituvchilar, programmistlar va qurilish sohasi egalari Rossiyaga ketishyapti. Nimaga deganda bizda xafv katta. Ko’p yildan beri ishlab kelgan kasbdoshlarimiz bilan hozirgi ishga kirayotgan yoshlar o’rtasida farq bor albatta ”, - deydi bir shifokor.

Ishga kirayotganlarning oylik maoshlari ham katta.

“Vaziyat notinch ekan, hamma ham bunday ishlarga kiravermaydi. Shuning uchun ularga katta miqdorda pul to’lashadi”, - deydi bu ayol.

O’sh va Jalol-Obodda ommaviy tartibsizliklarda vayron bo’lgan uylarni qayta tiklash ishlari boshlanmoqda. Ammo usta topish amri mahol.

Uzoq yillar qurilish sohasida faoliyat ko’rsatgan, hozirda nafaqaxo’r Zamiraxon opa fikricha muammo sabablaridan biri ta’lim sifatining pastligida.

“Institutlatda o’qish saviyasi juda past. Studentlar pulga o’qishadi. To’g’risini aytish kerak. Qurilish ham meditsina singari juda nozik ish. Uni o’qish kuchli bilim talab qiladi. Biz ayniqsa seysmik aktiv hududda joylashganmiz. Shuning uchun ko’p qavatli uylar, hatto bir qavatli uylar ham o’ta mustahkam qurilishi kerak”,- deydi u.

Kadrlar taqchilligi mamlakat iqtisodiyoti va hayotining turli jabhalariga jiddiy ta’sir ko’rsatishi tayin.

“Mutaxassislar ozligi shu qurilayotgan uylarning kuchli, zamonaviy standardlarga mos kelmasligiga olib keladi. Yer qimirlashi mumkin. Statistikaga e’tibor bersak, 2016 yilgacha bizning regionda 9 balgacha yer qimirlashi mumkin degan xabarlar bor ”, - deydi Zamira opa.

“Mutaxassislar yo’qligi Qirg’iziston iqtisodi uchun juda ham zararli narsa. Yana bir ishonch bor-ki, yaxshi imkoniyat bor joyga, oyliklar katta joyga yaxshi mutaxassislar qaytib keladi. Mana ko’pchilik Rossiyaga ketayapti. Nafaqat o’zbeklar balki qirg’izlar ham. Ularning ham bir qismi qaytib kelib, shu tashkilotlarga ishga kiradilar deb ishonaman, - deydi Alisher Hamidov.

XS
SM
MD
LG