Breaking News

Yevropa Ittifoqi: Turkiyada demokratik jarayonlar sustlashgan


Nemis hajviyachi Yan Beymerman. Turkiya prezidenti uning qonun oldida javob brishini talab qildi
Nemis hajviyachi Yan Beymerman. Turkiya prezidenti uning qonun oldida javob brishini talab qildi

Yevropa parlamenti Turkiya bo’yicha ishlab chiqilgan yillik hisobotni tasdiqladi (375 deputat hujjatni qo’llab-quvvatladi, 133 nafari qarshi chiqdi, 87 deputat esa masala yuzasidan betarafligini bildirdi). Hisobotga ko’ra, 2015-yilda Turkiyada inson huquqlari va matbuot erkinligi masalasida muammolar ko’paygan. Yevropaliklar Anqarani qonun ustuvorligini ta’minlashda dadilroq harakat qilishga da’vat etmoqda.

“Jurnalistlarga nisbatan barcha ta’qiblarni to’xtatish, bir necha gazetaning kuch bilan olib qo’yillishini qoralash va so’z erkinligi bobida jiddiy to’siqlar borligini e’tirof etish kerak”, - deydi Yevropa parlamenti deputatlari.

Ular, shuningdek, migratsiya bo’yicha hamkorlik Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qabul qilinishi masalasidan alohida ko’rilishi kerak, deydi. Shu bilan birga yevropaliklar Turkiyaning Yevropa Ittifoqi uchun strategik hamkor ekanini e’tirof etadi.

Anqara hisobotda bildirilgan tanqidlarni darhol rad etdi va hujjatni Yevropa parlamentiga qaytarish niyatini bildirdi.

Ayni vaqtda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an rasmiy Berlindan nemis televideniyesi orqali Turkiya rahbari haqida hajviy she’r o’qigan germaniyalik qiziqchiga nisbatan jinoiy ish ochishni talab qildi.

Rasmiy Anqaraga ko’ra, Yan Beymerman Erdog’anni haqorat qilgani uchun qamalishi kerak. Erdog’an advokatlari Germaniya qonunlariga ko’ra, xorijiy rahbarlarni haqorat qilish jazolanishiga ishora qilmoqda.

“Turkiya hukumati saylangan prezidentga qilingan haqoratga tinch qarab turolmaydi. Germaniya kerakli chorani ko’rishi kerak”, - dedi Turkiya Bosh vaziri muovini No’mon Kurtulmush.

Turkiyada 1800 dan ziyod odam Erdog’anni haqorat qilgani uchun jazolangan, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda prezident haqida fikr bildirgan maktab o’quvchilari ham.

Xo’sh, bu xususda istanbulliklarning fikri qanday?

“Prezident ham haq-huquqlarga ega. Germaniyada yoki Amerikada prezidentni haqorat qilgan odam qamaladi. Prezidentni himoya qiladigan qonunlar bo’lishi kerak, axir, ularning ham huquqlari bor-ku!” – deydi bir yigit.

Yana bir istanbullik esa bunday fikrga qarshi.

“Biz bunday hollarga o’rganib qolganmiz, chunki ular tez-tez bo’lib turadi. Erdog’an, odatda, shunday chora ko’radi. Bu uning odati. Turkiyada ham, xorijda ham shunday qilgan. Ammo men erkinlik va demokratiya tarafdoriman. Afsuski, Turkiyada hozir na demokratiya, na erkinlik bor”, - deydi u.

Tahlilchilarga ko’ra, Yevropa Ittifoqi, xususan, Germaniya Kansleri Angela Merkelning siyosiy kelajagi bir tomondan Anqara bilan migratsiya masalasida tuzilgan shartnomaning qanday bajarilishiga bog’liq.

Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosatshunos Chingiz Aqtar fikricha, Erdog’anning germaniyalik hajviyachini jazolashga intilishi uning Yevropa bilan aloqalarda hech narsadan cho’chimay qo’yganidan darak beradi.

“Bu uning naqadar katta qudratga egaligi dalolatidir. U va atrofidagilar bu qudrat cheksiz, demoqda. Muammo uning nima qilayotganida emas. Muammo uning talablarini qondirmoqchi bo’lganlarda, xususan, Germaniya hukumatida. Germaniya hukumati Erdog’andan qo’rqadi”, - deydi Aqtar.

Bundan buyon Yevropa hech narsadan cho’chimaydigan Turkiya prezidenti bilan hamkorlik qilishga majbur, deydi tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG