Turkiya boshlagan tekshiruv investorlarni cho’chitib yubordi

  • Amerika Ovozi

Ikki oylik namoyishlar oqibatida iqtisodiy zarba yegan Turkiyada birjalar va moliyaviy operatsiyalar ustidan tekshir-tekshir boshlandi.

Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an fikricha, g’alayondan foydalanib boylik orttirishga va Turkiya iqtisodiyotini izdan chiqarishga harakat qilayotgan kuchlar bor.

Keng qamrovli tekshiruvga sabab - may oyining oxirlarida xorijiy investorlar Turkiyadan katta mablag’larni olib chiqqan. Natijada aksiyalar bahosi tushib ketib, qarz olish qimmatlashib, lira qiymati dollarga nisbatan eng past nuqtaga yetgan edi.

Rasmiy Anqara moliya bozori manipulyatsiyaga uchradimi-yo’qmi, shuni bilmoqchi. Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’an xalqaro sarmoyadorlar, jurnalistlar va iqtisodchilardan iborat qandaydir fitnachi guruhlarga ishora qilib, ularni namoyishlardan foydalanib qolishga harakat qilayotganlikda ayblagan.

Atilla Yesilada, “Global Source Partners” nomli konsalting firmasi xodimi, hukumat boshlagan tekshiruv bozorni cho’chitib yubordi, deydi.

“G’alayon paytida o’tkazilgan barcha moliyaviy operatsiyalarning hujjati bor. Barcha ma’lumotni Markaziy Bankdan osongina olsa bo’ladi. Anqara kapital bozorini nishonga olayotgani mantiqsiz”, - deydi tahlilchi.

Uning fikricha, buning ortida ikki sabab yotgan bo’lishi mumkin. Birinchisi, hukumat moliyaviy institutlarni va investorlarni qo’rqitib qo’ymoqchi. Ikkinchisi, ular o’z tekshiruviga yakun yasaydigan bir dalil topib, jinoiy ish qo’zg’atmoqchi. Hozirgi nozik bir pallada Turkiya bunday choralar bilan o’ziga ishonch orttira olmaydi, deydi ekspert.

Istanbulda asoslangan “Finansbank” bosh iqtisodchisi Inan Demir nazarida ham xorijiy sarmoyachilarga mushtini ko’rsatadigan payt emas hozir.

“So’nggi yillarda mamlakatga tashqaridan kapital erkin kirib kelishi Turkiya iqtisodiyotini gurkiratdi. Tashqi qarzlar foizini to’lashiga hali bir yilcha vaqt bor. Lekin sarmoyadorlarni nishonga olish Turkiyaning o’ziga qimmatga tushadi, chunki stavkalar o’sishiga olib keladi, bu esa o’sishning beliga tepadi”, - deydi iqtisodchi.

Kelasi 12 oy ichida Turkiya 200 milliard dollarga teng qarzini qaytarishi yoki uning muhlatini cho’zdirishi kerak.

Hozircha biror birja xodimi yoki moliyaviy kompaniyaga ayb qo’yilmagan, vaziyatni hamma diqqat bilan kuzatib turibdi.

“Global fondlarni boshqarayotgan menejerlar turli mamlakatlarda ishlab, bunday isyonlarni ko’p ko’rgan. Ularning umidi shuki, Erdog’anning bayonotlari shunchaki siyosiy retorika. Lekin agar u chindan ham shu yo’lda davom etsa, Turkiya moliya bozori ostin-ustun bo’lib ketadi”, - deydi konsalting firmasi xodimi Atilla Yesilada.

Shu hafta Erdog’an Yigit Bulutni o’ziga bosh maslahatchi etib tayinladi. Bulut g’alayonni moliyaviy fitna natijasi deb biladigan siyosatchilardan biridir. Shu bois ham tergov to’xtatilishi amri mahol.

Kuzatuvchularga ko’ra, kayfiyatlar tarang bo’lib turgan bir pallada tekshiruv bundanda jiddiyroq tus olib, bankirlarni hukumatga qarshi til biriktirganlikda ayblashmasa bo’lgani.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG