Turkiya Gulenni ekstraditsiya qilish bo'yicha AQShga rasman murojaat qildi

  • Amerika Ovozi

Fathulla Gulen 1999-yildan beri AQShda istiqomat qiladi.

Fathulla Gulen 1999-yildan beri AQShda istiqomat qiladi.

Turkiya matbuotining yozishicha, 13-sentabr kuni Anqara Fathulla Gulenni ekstraditsiya qilish bo'yicha Vashingtonga rasman murojaat etgan. AQShda istiqomat qiluvchi diniy arbob 15-iyulda muvaffaqiyatsiz yakunlangan davlat to'natirishini tashkil qilganlikda ayblanmoqda.

Bir guruh harbiylar amalga oshirgan isyonda kamida 270 odam halok bo'lgan edi.

AQShga topshirilgan hujjatlarda isyonni amalga oshirish buyrug'i Gulen tomonidan berilgani da'vo qilinadi. Turkiya rasmiylari bir necha haftadan beri Vashingtondan Gulenni ekstraditsiya qilishni norasmiy tarzda talab qilib kelayotgan edi.

75 yoshli diniy arbob 1999-yildan beri AQShda yashaydi. Ayni paytda Pensilvaniya shtatida istiqomat qilayotgan Gulen Turkiyadagi davlat to'ntarishiga hech qanday aloqasi yo'qligini aytmoqda.

O'tgan ikki oy davomida Turkiyada Gulen harakatiga aloqadorlikda gumon qilingan 80 mingga yaqin turli sohalarda ishlovchi davlat xizmatcilari ishdan haydalgan, ko'plari hibsga olingan.

O'tgan hafta Xitoyda kechgan "Katta yigirmalik" sammitida AQSh rahbari Barak Obama Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an bilan gaplashib, isyonni tekshirish va aybdorlarni jazoga tortish bo'yicha Vashington qo'lidan kelgan yordamni berishga tayyor ekanini aytgan.

Ammo AQSh rasmiylariga ko'ra, ekstraditsiya talabini qondirish masalasini sud hal qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG