Anqara AQShning yangi prezidenti bilan ishlashga shay

  • Amerika Ovozi

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an Vashington bilan hozir aloqani uzgan

Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdog'an Vashington bilan hozir aloqani uzgan

Turkiya Amerikada prezident saylovlari o’tib, yangi rahbar ish boshlashini intiqib kutmoqda. Anqara Oq uy bilan til topishish umidida.

Vashington uchun Turkiya Yaqin Sharq, Yevropa va Osiyo to’qnashadigan, strategik jihatdan nihoyatda muhim davlat. Prezident Barak Obama qo’shni Suriyaga qo’shin olib kirib, Bashar al-Assadni hokimiyatdan ag’darmagani Turkiya rahbariyati tomonidan keskin qoralab kelinadi.

Prezident Rajab Toyyib Erdog’anning xalqaro aloqalar bo’yicha bosh maslahatchisi Oysha Sozen Usluer “Amerika Ovozi” bilan suhbatda shunday deydi:

“Obama zaiflik qildi va bu hech kimga sir emas. Yevropa yoki boshqa mintaqalarning rahbarlari bilan gaplashganida hammaning og’zida bir gap: AQSh Yaqin Sharqda tinchlikni ta’minlashi kerak. Amerika liderlik qilishi kerak”.

Turkiyada Iroq va Suriyadan uch milliondan oshiq qochqin bor. Ularga qarash uchun davlat o’z xazinasidan 10 milliard dollar sarflab kelmoqda, deydi rasmiy.

Anqara Vashingtondan yordam so’rasa, xususan harbiy madad, javob salbiy. Suriyadagi urush Turkiyaga qimmatga tushmoqda, Amerika esa bunga befarq, deydi Oysha Sozen Usluer.

“Suriyada ayrim hududlarni qochqinlar uchun xavfsiz joylar sifatida tanlab, ularni himoya qilish kerak. AQSh xohlasa, bu ishni qila oladi. Yangi prezidentdan shuni kutayapmiz”,- deydi maslahatchi.

Turkiyaning yana bir umidi: Amerika Erdog’anning dushmani Fethulla Gulenni vataniga qaytaradi. Gulen bu yili yozda davlatni to’ntarishga uringanlikda gumon qilinadi. Hozirda bu diniy rahnamo Pensilvaniya shtatida yashaydi.

Gulen Anqara iddaosini inkor etadi. Vashington ham Gulenni aybdor sanamaydi. Uning Amerikadagi taqdirini adliya tizimi hal etadi, deydi rasmiylar.

“Gulenni vatanga qaytarish bilan Amerika biz bilan rishtalarni bir zumda yaxshilashi mumkin. Qisqa muddatda bu zarur chora. Yangi prezidentdan shuni kutayapmiz”,- deydi Oysha Sozen Usluer.

Prezidentlikka nomzod demokrat Hillari Klinton va respublikachi Donald Tramp yuqoridagi talab va umidlar haqida biror aniq gap aytmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG