Ukraina sharqiy viloyatlarga kengroq vakolatlar va'da qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Ukraina Bosh vaziri Arseny Yatsenyuk va Prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda)

Ukraina Bosh vaziri Arseny Yatsenyuk va Prezidenti Petro Poroshenko (o'ngda)

Ukraina parlamenti mamlakat sharqidagi ayrim hududlarga muxtoriyat berishga hamda isyonchilar safida hukumat kuchlariga qarshi jang qilganlarning aksariyatini avf etishga qaratilgan qonun qabul qildi.

Prezident Petro Poroshenko tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasining besh oydan beri davom etayotgan mojaroga barham berishga qaratilgani aytiladi.

Biroq isyonchilar yangi qonunni jiddiy qabul qilgani yo’q. Ular sharqda tuzgan Donetsk Xalq Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Zaxarchenkoning aytishicha, hujjat kuchga kirishi uchun Poroshenkoning imzosi kerak. So’ng uni ruschaga tarjima qilib fikrimizni bildiramiz, deydi u.

Zaxarchenkoning birinchi o’rinbosari Andrey Purginning “RIA Novosti” axborot agentligiga ma’lum qilishicha, yangi qonun sharqda amal qilmaydi, ammo uni bo’lajak muloqot uchun asos sifatida qo’llasa bo’ladi.

“Donetsk Xalq Respublikasida o’z qonunchilik organi bor va Kiyevdagi parlament qonunlarini tan olmaymiz”, - deydi Purgin.

Bugun Oliy Rada, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bitimni ham ratifikatsiya qildi.

Aynan shu hujjatni imzolashdan bosh tortgani uchun sobiq Prezident Viktor Yanukovichga qarshi o’tgan yil kuzida Kiyevda namoyishlar boshlangan edi. Natijada mamlakatda hokimiyat almashdi, Ukraina Qrimni qo’ldan boy berdi, sharqda fuqarolar urushi boshlandi.

Bitimning erkin savdoga doir qismi kelasi yil oxiriga borib kuchga kiradi. Bu Rossiya iltimosiga ko’ra qilinmoqda. Moskva Yevropa tovarlarining Ukraina orqali Rossiyaga oqib kelishidan xavotirda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG