AQSh-Janubiy Koreya erkin savdo bitimi: Kimga foyda, kimga zarar?

  • Amerika Ovozi

Yaqinda AQSh-Janubiy Koreya o’rtasida erkin savdo bitimi kuchga kirdi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, bu kelishuv natijasida Amerikada 70 ming ish o’rinlari yaratiladi.

Ammo ayrim iqtisodchilar bu hisobdan yiroq. “Amerika Ovozi” Osiyoga darvoza bo’lmish Kaliforniya portlarida bo’lib, tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Meva yetishtiruvchilardan tortib, kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi bizneslargacha, Amerika kompaniyalari savdo kelishuviga katta umid bilan qaramoqda.

Los-Anjelesda joylashgan Rhapsody Clothing kompaniyasi bitim hali kuchga kirmasidan Janubiy Koreyada uch do’kon ochdi. Uning rahbari Brayan Kang tariflar 13 foizga kamayganidan xursand.

“Koreya hozir biznes uchun eng qulay bozor”, - deydi u.

Erkin savdo kelishuvi Janubiy Koreyaning 7 ming va AQShning 62 ming mahsulotiga tariflarni bekor qiladi.

Xalqaro iqtisodchi Ferdinando Gierra fikricha:

“Amerikaning iqtisodiy kelajagi uchun nihoyatda muhim bu. Bilasiz, prezident Obama 2014-yilga borib eksport hajmini ikki karra oshirishga va’da bergan”.

Xalqaro raqobatda ham gap ko’p. Janubiy Koreya Yevropa Ittiqofi bilan allaqachon erkin savdoni yo’lga qo’ygan.

Amerikalik fermerlar ham daromaddan quruq qolmaydi. Chak Kreyn Kaliforniyada yong’oq yetishtiradi. Janubiy Koreyaga bu mahsulotni eng ko’p eksport qiladigan shtat ham shu.

“Boj kamaysa, kelasi 4-5 yilda ishlarimiz yurishib ketishiga ishonamiz”, - deydi u.

Lekin janubiy koreyalik fermerlar noroziligini baralla aytmoqda. Park Jang-ok - Ayol Fermerlar uyushmasi rahbari.

“AQSh bilan imzolangan savdo bitimiga qarshimiz. Chunki Amerika bizdan sanoat mollari oladi-yu, bizning bozorni qishloq xo’jaligi mahsulotlari bilan to’ldiradi”.

Har ikki mamlakatda kasaba uyushmalari “ish o’rinlarini boy beramiz”, deb keskin tanqidlar bilan chiqmoqda. Deyvid Kembel – po’lat quyish sanoati vakili.

“Bu kabi savdo bitimlaridan ishchi-mehnatkashlarga hech qanday naf yo’q. Lekin yirik bizneslar uchun xazina”, - deydi u.

Yangi kelishuvdan qaysi mamlakat ko’proq foyda ko’radi? Iqtisodchilar deydiki, bu valyuta kurslari va har ikki davlatdagi iqtisodiy ahvolga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG