Oq uy Yamanda hutiylarni nishonga olayotgan saudiya koalitsiyasidan voz kechishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sano havo hujumidan so'ng

Yaman poytaxti Sano havo hujumidan so'ng

Oq uy rasmiylarining bildirishicha, Yamanda shanba kungi havo hujumida 140 dan ziyod odam o'lgach, Prezident Barak Obama bu mamlakatda hutiy isyonchilarga qarshi kurashayotgan Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya bilan hamkorlikni qayta ko'rib chiqishi mumkin.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Ned Praysning aytishicha, hujum dafn marosimi paytida ro'y bergan va Qo'shma Shtatlar bundan chuqur tashvishda.

Poytaxt Sanodagi voqeada kamida 500 odam yaralangan.

"AQShning Saudiya Arabistoni bilan xavfsizlik bobidagi hamkorligi qirollik undan xohlagancha foydalanishi uchun imzolanmagan", - deydi Prays.

Unga ko'ra, Qo'shma Shtatlar arab koalitsiyasining Yamandagi amaliyotini oldingidek qo'llab-quvvatlamaydi.

"Agar saudiya koalitsiyasi AQSh xayrixohligini olishni istasa, Amerika tamoyillari, qadriyatlari va manfaatlarini hisobga olishi kerak", - deydi rasmiy.

Sanodagi havo hujumida Saudiya Arabistoni ayblanmoqda. Qirollik ayblovni inkor etdi, voqeani tergov qilmoqchi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning idorasi hujumni qoralab, zudlik bilan xolisona tergov qilishga chaqirdi.

Xabarlarga ko'ra, hujumda hutiylar hukumatida ichki ishlar vaziri Jalol Ruveyshan otasining dafn marosimi nishonga olingan.

Yamanda hokimiyatdan ag'darilgan Prezident Abdu Rabbo Mansur Hadini qo'llab-quvvatlayotgan Saudiya Arabistoni va yana bir necha arab mamlakatlari qo'shma harbiy kuchlari bungacha ham tinch aholini nishonga olgan edi. Xususan, to'y tantanasi va kasalxonalarni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG