San’at orqali ibodatga undayotgan sinagoga

  • Amerika Ovozi

Amerika dunyoda eng ko'p sonli yahudiy aholiga ega davlatlardan. Dunyo bo’ylab 13 milliondan oshiq yahudiy bo’lsa, ularning besh milliondan ziyodi Qo’shma Shtatlarda istiqomat qiladi. Har bir dinning turli oqimlari bo’lganidek, yahudiylar ham an’anaviy, konservativ va islohotchilarga bo’linadi. Biroq Los Anjelesda barcha qonun-qoidalarni buzib, yangi oqim yaratishga intilayotgan bir sinagoga bor.


Los Anjelesning Beverli Xills mahallasida joylashgan bir bino bir qarashda konsert zali. Lekin aslida ibodatxona. Ibodat esa san’at, deydi sinagoga rahbari Deyvid Baron.

“Biz teatrlarga o’xshab ishlaymiz, sahnani chiroq bilan yoritib, musiqa chalamiz. Ibodat kitoblarimiz esa san’at asarining o’zginasi”.

Devid Baron shu tariqa Beverli Xills San’at Ibodatxonasi ravvini. Sinagoga yahudiylar dinining hech bir an’anaviy oqimiga tegishli emas, deydi u. E’tiqod va iymon san’at orqali targ’ib qilinadi, axir bu yer Gollivud, iqtidorli odamlar ko’p, deya so’zlaydi ravvin.

“Qo’shiqchilarimiz - Brodvey teatrlari yulduzlari. Xorimiz esa Los Anjelesdagi eng zo’ri”.

Bunday yo’nalishni tanqid qiladiganlar ko’p. Ammo ravvin Baron fikricha, eng muhimi – e’tiqod va ibodat.

“Nazarimda, dinimizning boshqa, an’anaviy oqimlari vakillari odamlarni dinga qaytarayotganimizni tushunsa-da, bunday g’ayrioddiy uslubni noto’g’ri deb qoralaydi”.

An’anaviy qoidalarga ko’ra, yahudiylar uchun muqaddas hisoblangan Shabbat – shanba kunida musiqa asboblarini chalish noto’g’ri. Bu yerda esa har oy musiqa yangraydi.

Quddusda malaka oshirgan ravvin ko’p yillar davomida an’anaviy sinagogalarda ishlagan. Odamlar kelmay qo’ygan edi, qiziqish yo’q edi, deya tushuntiradi u. Uzoq izlanib, shu ibodatxonaga asos soldi. San’at ilohiy kuch deya targ’ib qilib, mana 20 yildan beri shu yerda faoliyat yuritmoqda.

“Odamlarda qiziqish paydo bo’ldi, juda ko’plar sinagogaga kela boshladi, ibodat qildi, dinga qaytdi. O’zini yahudiy deb hisoblagan, lekin hech qachon sinagogaga bormaganlar uchun mana shu yo’l bilan diniga qaytdi”.

Yom Kippur – yahudiylar uchun eng katta bayram. Musiqa va san’at orqali ularning ibodat qilishi osonroq, deydi ravvin.

Ko’zi ojiz xonanda Lori Rubin marosimlarda qatnashadi.

Ba’zilar esa o’z hayoti haqida so’zlab beradi, xotiralar diniy ongimizni oshiradi deb hisoblaydi.

Xolokostdan omon qolgan Ela Vaysberg natsistlar lagerida bo’lganini eslaydi.

“Natsistlar butun dunyoga bolalarga yaxshi munosabatda ekanini namoyish qilmoqchi bo’lgan. Bolalar operasi tashkil etgan, hujjatli filmga tushirgan. Bizning lagerda 15 ming bola bor edi. Hammasi birin-ketin krematoriyda yoqib yuborilgan. Faqat yuztamiz tirik qolganmiz”.

Deyvid Baron nazarida san’at inson iqtidorini namoyish qiluvchi kuch ekan, uni ibodat bilan qorishtirishning zarari yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG