2014-yil ishsiz amerikaliklar uchun og'ir keladi

  • Amerika Ovozi

AQShda moliyaviy inqiroz boshlanganidan besh yil o’tib, iqtisod qayta tiklanayotgan ko’rinadi. So’nggi ikki yil ichida yalpi ishki mahsulot katta sur’atlar bilan o’smoqda. Ishsizlik esa krizisdan oldingi darajaga qaytdi. Ijobiy o’zgarishlarga qaramay, 2014-yil ham ko’plab amerikaliklar uchun qiyin bo’lishi mumkin.

Keti Biskotti bilan Yangi yilning birinchi kunida uchrashdik.

“Yoshim 51 da. Baltimorda tug’ilib katta bo’lganman. Otam santexnik, onam esa hamshira bo’lib ishlagan. Butun umr og’ir mehnat qilib yashadim,” - hikoya qiladi u.

Bundan yarim yil oldin Keti kotibalik ishini yo’qotdi. 31-dekabr kuni ishsizlik uchun beriladigan yordam pulining oxirgisini oldi.

“Qo’limga 332 dollar tegdi. Undan xarajatlarimdan qay birini to’lashni bilmay boshim qotyapti. Ijarani to’lasam, qo’limda pul qolmaydi”.

Biskotti bunday muammoga yuz tutgan 1,3 million amerikalikdan biri. Kongress ishsizlarga ajratiladigan yordam pulini 28-dekabr kuni to’xtatishga qaror qildi.

Konservativ qarashdagi qonunchilar fikricha, agar ishsizlarga 26 haftadan ko’proq pul to’lansa, ular ish qidirmay qo’yadi.

Respublikachi senator Rend Pol ham shunday fikrda.

“Yordam muddatini uzaytiradigan bo’lsak, bu odamlarga zarar bo’ladi,” - deydi u.

Ishsizlar ham, ularning haqlarini himoya qiluvchi faollar ham bunday fikr noto’g’ri ekanini aytadi. Bandlik sohasida faoliyat yuritadigan tashkilot rahbari Kristin Ouensning aytishicha, imtiyozlardan foydalanayotgan to’rt million odamning aksariyati jon deb ishlashni istaydi.

“Ular uyda yotvolib, televizor ko’radigan yalqov va tekintomoqlar emas. Aksincha, ertadan kechgacha ish topaman deb yugurgani yugurgan. Kuni shu bilan o’tadi,” - deydi Ouens.

Biskotti haftasiga 20 ta joyga ishga qabul qilishni so’rab ariza topshiradi.

“Kecha ham bitta ariza yubordim. Ayni lavozimga menga o’xshagan yana 865 da’vogar bor ekan,” - deydi u.

Yordam pulisiz Biskotti uysiz, ovqatzis qolaman deb xavotirda. Yangi yilda ish topishni niyat qilgan.

“2014-yilda menga baxt kulib boqsin, yangi ishlik bo’lay deyapman. Iloji bo’larmikin? Umidimni deyarli uzdim”.

Qonunchilar yordam puli muddatini 11 marta uzaytirgan. Prezident Obama yana shunday qilish kerak, demoqda.

“Bir-birimizga yordam qo’lini cho’zishga odatlangan xalqmiz. Bir-birimizni qiyin ahvolda tashlab qo’ymaymiz,” - deydi prezident.

Kongress ta’tildan qaytgach, ikki partiya qonunchilaridan tarkib topgan guruh imtiyozlarni yana uch oyga uzaytirish taklifini kiritadi. Ammo bunday qarorga qarshilar ko’p bo’lishi mumkin.

Mamlakat iqtisodiyoti oyoqqa turar ekan, ishsizlarga ko’mak dasturini qo’llab-quvvatlayotganlar kamaygan. Yangi ish joylari yaratilayotganiga qaramay, 27 haftadan ko’proq vaqt ishsiz yurganlar soni hamon yuqori bo’lib, umumiy ishsizlarning 40 foizini tashkil etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG