AQSh vitse-prezidentligi uchun nomzodlar bahs qildi

  • Amerika Ovozi

Demokrat Tim Keyn (chapda) va respublikachi Mayk Pens (o'ngda) teledebatda qatnashmoqda, 4-oktabr, 2016-yil.

Demokrat Tim Keyn (chapda) va respublikachi Mayk Pens (o'ngda) teledebatda qatnashmoqda, 4-oktabr, 2016-yil.

AQSh prezidentligi uchun saylov kampaniyasi doirasida 4-oktabr kuni vitse-prezidentlik uchun demokrat va respublikachi nomzodlar televideniye orqali bahslashdi.

Virjiniyaning Longvud universitetida o'tgan debatda prezidentlik uchun demokratlar nomzodi Hillari Klintonning vitse-prezidentlik uchun kurashayotgan hamkori senator Tim Keyn respublikachi Donald Trampning vitse-prezidentlik uchun tanlagan sherigi Mayk Pensga qarshi munozara qildi.

Nomzodlar debatni nima uchun bu lavozimga loyiqliklari haqidagi savolga javob berish bilan boshladi. Keyn mer, gubernator va senator sifatida xalqqa qilgan uzoq yillik xizmati uni bu ishga munosib tayyorlaganini aytgan bo'lsa, Pens ham o'zining uzoq yillik siyosiy tajribasi asosida Donald Trampning yordamchisi bo'lishga loyiqligini ta'kidladi.

Klintonda jo'shqinlik bor va u xalqni birinchi o'ringa qo'yadi, dedi senator Keyn. Unga ko'ra, Trampda bu narsa aksincha; milliarder nomzod doim o'z manfaatlarini birinchi o'ringa qo'yib kelgan. Keyn, shuningdek, Klinton davlat kotibi bo'lib ishlagan paytida "Al-Qoida" yetakchisi Usama Bin Laden o'ldirilganini, Eronning yadro dasturi to'xtatilganini katta yutuqlar sifatida tilga oldi.

Mayk Pens o'z navbatida Donald Trampni himoya qilib, Klinton va Keynni "haqoratga asoslangan" kampaniya olib borayotganlikda aybladi.

Amerika xalqi va politsiya o'rtasida so'nggi paytlarda kuchaygan ziddiyatlarni qanday yechish kerak, degan savolga Keyn o'zaro ishonchni oshirish orqali, deb javob berdi. Pens esa Klinton aybni ko'proq politsiyachilarga yuklayotganini aytib, bu ishni diskriminatsiya deb atadi.

Keyn Trampdan soliq qog'ozlarini ommaga oshkor qilishni yana bir bor talab qildi. Trampni davlatga to'lagan soliqlariga oid hujjatlarni jamoatchilikka ko'rsatishdan bosh tortib kelmoqda.

Pens Trampni himoya qilib, uni aqlli biznesmen deb atadi va soliq hujjatlarining hanuz oshkor qilinmaganini soliq idorasi tomonidan tekshiruvlar davom etayotgani bilan izohladi.

Keyn Trampning boylarga soliqlarni kamaytirishga oid taklifini ham tanqid qildi. Bu bilan u o'zining soliqlarini kamaytirmoqchi, dedi u.

Mayk Pens fikricha, Klintonning soliq va xarajatlarni oshirish siyosati iqtisodiyotga zarba bo'ladi. U, shuningdek, demokrat nomzodning davlat kotibi bo'lib ishlagan payti o'z uyida shaxsiy server o'rnatib, davlat ishlarini shu serverga ulangan elektron pochta orqali yuritganini jiddiy qonunbuzarlik deb atadi.

Vitse-prezidentlikka nomzodlar o'rtasidagi bahslar u qadar muhim bo'lmasa ham, saylovchilar ular orqali prezidentlik uchun nomzodlar haqida va ular olg'a surayotgan siyosat bo'yicha ko'proq ma'lumot olishga harakat qiladi.

Hillari Klinton va Donald Tramp o'rtasidagi ikkinchi teledebat 9-oktabr kuni bo'lib o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG