Breaking News

Ramazon oyida O'zbekistonda dindorlar ustidan nazorat kuchli


Toshkentdagi masjidlardan biri
Toshkentdagi masjidlardan biri

O'zbekiston qamoqxonalarida ro'zador mahbuslar tazyiq ostida. Oddiy fuqarolarga ham ommaviy iftorliklar cheklangan.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) Toshkentda 23-24 iyun kunlari o'tadigan sammiti xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Mahbuslarning qarindoshlari doimiy kuzatuvda ekanini aytadi.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov ishonchli manbalariga asoslanib deydiki, ro’zadorlar qamoqxona ichki tartibini buzishda ayblanib, jazo kamerasiga mahkum qilinmoqda.

“Qamoqxonada ro’za tutayotganlar ertalab turishi kerak, saharlik qilishi kerak. Ularni esa qamoqxonadagi ichki tartibni, rejimni buzdinglar deb, tazyiqqa olishayapti. Masalan, ular saharlik qilmasa, qanday qilib ro’za tutadi, kechgacha yurishi kerak bu 40 gradusdan oshiq issiqda. Ro’zadorlarni esa ichki tartibni buzding deb jazo kamerasiga tiqishmoqda. Bu aniq fakt, axborotni bizga yetkazgan odam juda ishonchli. Oxirgi paytda qamoqdagi namozxonlarga ham, ochiqdagi dindorlarga nisbatan ham tazyiqlar jiddiy kuchaydi”, - deydi huquq himoyachisi.

Surat Ikromovning aytishicha, sammit munosabati bilan ko’rilayotgan xavfsizlik choralari chegaradan chiqib, musulmonlarning huquqlarini paymol etmoqda.

“Men ham ayrim militsiya xodimlari bilan gaplashdim. Ular ShHT sammitini bahona qilishyapti, qattiq rejimga o’tganmiz deb. Bu rejim nafaqat Toshkentda, balki Samarqand, Buxoro, Urganchda ham joriy etilgan, deyishyapti. Sammit ishtirokchilari bu shaharlarga ham borsa kerak. To'g'ri, bu xavfsizlik choralari uchun lozimdir, lekin amalda esa bu xavfsizlik ramkasidan chiqib ketgan. Qamoqxonalarning boshliqlariga ham qattiq rejimga o’tish haqida buyruq berilgan. Mahkumlarning ochiqdagi qarindoshlari ham militsiyaga chaqirilib, so'roqqa tutilmoqda, kechgacha ushlab qolinmoqda”, - deydi Ikromov.

Samarqandda “Islomiy davlat” guruhiga qo’shilish niyatida bo’lgan deya bir guruh fuqarolar 6 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Bu shaxslar, rasmiy manbalarga ko’ra, sudda o’z aybiga iqror bo’lgan. Suriyaga chiqib ketishni rejalagan guruhdan ekstremistik ruhdagi adabiyotlar, jumladan, O’zbekiston va Markaziy Osiyoda xalifalik qurishga bag’ishlangan risolalar topilgan.

Huquq himoyachilari O’zbekistonda ekstremizmga aloqador mahkama jarayonlarini shubha ostida kuzatishadi. Ko’p hollarda fuqarolarning telefoni yoki komputerida oddiy diniy matnlar yoki Qur'on suralari topilsa ham ekstremizmga tenglashtiriladi.

Diniy erkinlikni targ’ib qiluvchi “Forum 18” tashkiloti o’zining yangi hisobotida aynan shu holatlarni tilga olgan.

O’zbekistonda namozxonlar uyini kutilmaganda tintuv qilish, taqiqlangan adabiyotlarni qidirish – ko’p uchraydilar holler. Ekstremistik qarashdan uzoq bo’lgan oddiy dindorlar aziyat chekmoqda, deya yozadi “Forum 18”.

Rossiya fuqarosi Baxtiyor Xudoyberganov Toshkent aeroportida telefonidan diniy suralar chiqqani uchun ushlangan va tazyiq va qiynoqlar asosida ekstremizmda ayblanib, 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG