Din

Los-Anjelesda xotin-qizlar uchun alohida masjid ochilgan

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Los-Anjeles shahrida xotin-qizlar uchun masjid ochildi – Qo’shma Shtatlarda ilk shunday dargoh. Islom dinida ayollar qanday o’ringa ega? Ular uchun alohida masjidlarga ehtiyoj bormi?

Muslimalar oyda bir marta mana bu binoda yig’ilishadi. AQShdagi yagona shunday masjid.

“Ikki oydan beri qatnayman. Safimizda turli irq va elat vakillari borligi menga o’zgacha kuch bag’ishlaydi”, - deydi Tanzila Ahmed.

Odatda masjidlarda ayollar va erkaklar bir-biridan ajratiladi, juma namoziga erkak kishi imomlik qiladi. Bu masjid esa faqat xotin-qizlar uchun. Edina Lekovich tashabbus boshida turganlardan.

“Katta ish, lekin o’z zimmamga oldim. O’zimga o’xshagan opa-singillar bilan tanishdim, ular bilan bog’landim. Bu yerga kelishdan maqsad bitta - e’tiqodimizni chuqurroq anglash. Boshqacha bir muhitda, xotin-qizlar davrasida”, - deydi u.

Ayrim muslimalar an’anaviy masjidlarga borganida o’zlarini begona, ajratib qo’yilgandek his etishadi.

“Men yoshligimdan borgan masjidlarda qizlar orqada o’tirishi urf bo’lgan. Boshqa namozxonlar bilan o’tirishga ijozat berishmasdi. Yangi markazda erkaklar mavqei ustun qo’yiladigan bunday qoidalar yo’q”, - deydi Tanzila Ahmed.

Ayollar masjidiga qanday libosda kelish belgilanmagan. Binoda yahudiy va nasroniylar ham tadbirlar o’tkazib turadi. Masjidga asos solgan Hasna Maznaviy bu yerni tanlashimga ham shu sababchi bo’ldi, deydi.

“Islom dunyosining oltin asri meni ilhomlantiradi. Musulmon, yahudiy va nasroniylar hamkorlik qilgan davrlar…”

Lekin ayrimlar nazarida xotin-qizlar uchun alohida masjid bo’lishi shart emas.

Islomshunos olimlar deydiki, ayol kishi namozga kelgan boshqa xotin-qizlarga bosh bo’lishi islom qoidalariga zid emas, biroq juma namozi yoxud va’z aytishga kelganda bahs qiziydi. Islomda ayollarning o’rni azaldan muhokamada, deydi Janubiy Kaliforniya universitetidan Bri Loskota.

“Xotin-qizlar uchun masjid ochilganining ajablanarli joyi yo’q. Ayollar islom dinida qanday mavqega ega ekani, ularning diniy hayotdagi roli cheklangani o’nlab yillardan buyon bahs-munozara uyg’otadi, ayniqsa islohotga chaqirayotgan muslimalar o’rtasida”.

Ayollar masjidini, deydi olima, ana shu munozara va tanqidlarga javob sifatida ko’rish mumkin.

“E’tiqodlararo birdamlikka chaqiriq bu. Jamiyatda plyuralizm bo’lsin, hamma teng ko’rilsin, bir-birimizni hurmat qilaylik, deyishyapti bu ayollar”, - deydi olima.

Ibodat bu xotin-qizlar uchun ma’naviy-ruhiy ozuqa hamdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG