Breaking News

Hindiston o'z fuqarolariga Iroqda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashishni taqiqladi


Musulmon bolalar Dehlidagi jo'me masjidida namoz paytida. 19-iyun 2015-yil.
Musulmon bolalar Dehlidagi jo'me masjidida namoz paytida. 19-iyun 2015-yil.

Qariyb bir yildan buyon ayrim hindistonlik shialar Iroqqa borib, “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashga qo’shilish istagini bildirib keladi.

Ammo bir necha oy davom etgan bahs-munozaradan keyin rasmiylar bunga yo’l qo’ymasligi, chunki aks holda fuqarolar hayotiga tahdid tug’ilishini bildirdi.

Hindiston Ichki ishlar vazirligidan Dehli Oliy sudiga yuborilgan ko’rsatmada fuqarolar Iroqda “radikallashishi va vatanga qaytgach, bu yerda ham ekstremist faoliyatni davom ettirishi mumkin”, deyiladi. Shuningdek, fuqarolarga xorijdagi mojaroda qatnashishga ruxsat etilsa Hindistonni terrorchilikni qollab-quvvatlayotganlikda ayblashlari mumkin, "shu bois milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda fuqarolamizga Iroqqa borishni tavsiya etmaymiz”, deyiladi ko’rsatmada.

Boshqa mamlakalar, shu jumladan AQSh ham o’z fuqarolariga Iroqqa safar qilmaslikni tavsiya etadi va “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotganlarni rasman qo’llab-quvvatlamasligini bildiradi.

Bahsli masala

Hindiston hukumati qarorini xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassislar hamda musulmon yetakchilari olqishladi.

“Bir mazhabga Iroq-Suriya mojarosida qatnashishni ruxsat etish Hindistondagi boshqa mazhablarga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Mamlakatda mazhablararo mojaro boshlanishi mumkin”, - deya ogohlantirdi o’z ko’rsatmasida Ichki ishlar vazirligi.

Dehlidagi Mojarolarni boshqarish instituti rahbari Ajay Sahni ham bu fikrga qo’shiladi.

“Hindistonlik yoshlar dunyoning boshqa qismlarida diniy mojarolarga qo’shilmasligi kerak. Gap buning faqat Hindiston mazhablari va diniy guruhlari orasidagi munosabatlarga ta’sirida emas. Hindiston xorijiy davlatlardagi dala qo’mondonlari olib boradigan urushlarni ma’qullamaydi”, - deydi u.

Hindiston musulmonlarining “Majlis-e-Mushawarat” tashkiloti prezidenti Zafarul-Islom Xon ham musulmonlarning “Islomiy davlat” saflariga qo’shilishi yoki bu guruhga qarshi olib borilayotgan kurashga qo’shilishiga qarshi.

“Agar bizning yoshlar u mamlakatga borib, garovga olinsa, bu biz uchun katta muammo bo’ladi”, - deydi u.

2014-yil iyunida ID jangarilari Iroqda ishlaydigan 39 hindistonlik muhojirni garovga olgan edi. Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj o’tgan hafta jurnalistlarga garovga olinganlar hamon tirikligiga ishonishini aytdi.

Iroq durdonalari himoyasi

Ammo fuqarolar Iroqqa madaniy me’rosni saqlab qolishda ko’maklashishi mumkin, deydi masalani Bag’dod rasmiylari bilan muhokama qilmoqchi bo’lgan delegatsiyaning sunni a’zosi Mahmud Pracha.

“Biz harbiy missiyani nazarda tutmaganmiz, faqat gumanitar faoliyat haqida gap ketayotgan edi. Biz Iroqqa shifokorlar, hamshira va muhandislarni yubormoqchi edik”, - deydi u.

Hindistonda 175 million musulmon yashaydi. Ulardan qariyb 45 millioni – shialar, Iroq va Erondagi mazhabdoshlari bilan mustahkam rishtalarga ega. Ular uchun Iroqdagi shialar uchun muqaddas bo’lgan obidalarni saqlab qolish va ziyorat qila olish katta ahamiyatga ega.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG