Breaking News

Rossiya parvozlari NATO uchun sinov


Londonda joylashgan tadqiqotlar markazi Rossiyani urushga turtki bo’ladigan harakatlarda ayblamoqda. Havo makonini buzish, dengizda boshqa davlat hududiga kirish, G’arbga qarshi hujumlar uyushtirish niyatini namoyish qilish – bu Kremlning so’nggi oylardagi qadamlari. Yangi hisobot aynan shu haqida.

So’nggi sakkiz oyda Rossiya harbiy samolyotlari NATOga a’zo davlatlar havo sarhadlarini qariyb 40 marta buzib o’tdi. Bu “Yevropa yetakchilik tarmog’i” nomli tahliliy guruh ma’lumoti. Yangi hisobotga ko’ra, Rossiya qiruvchi samolyotining Daniyaga tegishli yo’lovchi samolyot bilan to’qnashishiga oz qolgan.

Bundan tashqari, Shvetsiya suvlariga Rossiya suvosti kemasi kirgani taxmin qilinmoda. Aynan shunday taxminlar hamda Estoniya razvedkasi agentining o’g’irlanishi va Rossiyaning mashqlar paytida AQShga qarata raketa uzishini faraz qilishi guruhni izlanish o’tkazishga majbur qildi.

“Masala aslida nihoyatda jiddiy, - deydi londonlik tahlilchi Jonatan Ayl, - xavfsizlik kafolatlarini buzishga qaratilgan urinishlarga guvoh bo’lyapmiz. Vaholanki, G’arb sobiq kommunistik davlatlarga bu kafolatlarni bergan”.

Kafolatlar yozma ravishda berilgan, Polshada esa chegara zastavalari bunyod etilgan. Bugunda ular kengaytirilmoqda, NATOga a’zo davlatlar esa ko’proq mashqlar o’tkazyapti, xuddi Ukrainadagidek.

“Moskvaga urush boshlash niyatida emasligimizni namoyish qilishimiz zarur. Bizga mojaro kerak emas. Lekin Rossiyadan qo’rqmaymiz. Shuni ular tushunsin,” - deydi Ayl.

Ekspertlar fikricha, Rossiyaning hozirgi siyosati bir tarafdan G’arbning harbiy qudratini o’rganishga, boshqa tarafdan mamlakat ichida Putin obro’sini oshirishga qaratilgan.

Ammo harbiy tahdid jiddiy emas, deya fikr bildiradi Xalqaro strategik tadqiqotlar institutidan Duglas Barri.

“NATO yuzlashayotgani Sovet davridagidek katta havo kuchlari emas. Rossiya havo kuchlari undan ancha kichik, salohiyati ham 1980-yillardagi Sovet havo qo’shinlarinikiga yetmaydi,” - deydi u.

Shunga qaramay, sarmoyalar hajmining oshgani Rossiyaga harbiy parvozlarni ko’paytirishga yordam berdi. Kelasi yillarda Kreml qurolli kuchlarini zamonaviylashtirishni rejalagan.

“Bu Rossiya rahbariyatining ishtahasi naqadar yuqoriligidan darak beradi,” - deydi Barri.

Mutaxassislar fikricha, Rossiyaning asosiy maqsadi NATOning yanada kengayishiga chek qo’yish va hatto sobiq kommunistik davlatlarni o’z ta’sir doirasiga qaytarishdir. NATO esa bunga hech qachon rozi bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG