Breaking News

Ukrainada prezident saylovlari: Asosiy nomzodlar kim?


Prezidentlikka asosiy da'vogarlardan biri Yuliya Timoshenko "Batkivshina" partiyasi yig'inida so'zlamoqda, Kiyev, 29-mart, 2014-yil.
Prezidentlikka asosiy da'vogarlardan biri Yuliya Timoshenko "Batkivshina" partiyasi yig'inida so'zlamoqda, Kiyev, 29-mart, 2014-yil.
Ukrainada may oyiga belgilangan prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, asosiy nomzodlar o’rtasida yetakchilik uchun siyosiy kurash jadallashib bormoqda.
Ukraina prezidentligiga nomzodlar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:41 0:00
Yuklab oling

Kiyevda hukumat qulashi natijasida ozodlikka chiqqan hamda ayblovlardan to’la oqlangan Yuliya Timoshenko yangi Ukraina siyosiy hayotiga faol kirishib ketdi.
O’z mansabini suiiste’mol qilganlikda ayblangan Timoshenko 2011-yildan beri hibsda saqlanayotgan edi.

Ozod qilingan kuni kasalxonadan nogironlar aravasida chiqqan sobiq bosh vazirni Mustaqillik maydonida tarafdorlari olqish bilan kutib oldi.

Londondagi Chatam tadqiqotlar uyi tahlilchisi Orisiya Lutsevichning aytishicha, Timoshenkoning shaxsiyati bahsli.

“U juda ham bahsli nomzod. Saylov jarayonida kelajakni umidliroq qilib ko’rsatishda qiyinchiliklarga duch kelishi aniq. Chunki u Ukraina siyosatining eski avlodiga mansub. Shuning uchun ko’pchilik uni korrupsiyalashgan sobiq rejimga aloqador deb o’ylashi mumkin”, - deydi u.

Yuliya Timoshenko 2004-yilgi inqilobda markaziy rol o’ynab, Viktor Yushenko prezidentligi davrida bosh vazir etib tayinlangan. Keyinroq ular o’rtasidagi aloqalarning yomonlashuvi Viktor Yanukovichning prezident etib saylanishiga olib keldi.

Kuzatuvchilar fikricha, Timoshenko o’tmishiga urg’u bermasdan, hozirgi kundagi shon-shuhratidan unumli foydalanishga harakat qiladi. Qrimni Rossiyadan qaytarib olish uchun nima qilish kerak, degan savolga u shunday javob beradi:

“Qrimni Ukrainaga qaytarishda ko’p narsa bizning qanday qilib kuchli iqtisodiyot va demokratiyaga ega bo’lgan Yevropa davlatini qurishimizga bog’liq. Yaxshi yo’lga qo’yilgan hayot tarzi, ozodlikning yangi Ukraina ramzi va ruhiga aylanishi Rossiyaga qo’shilishni o’ylayotgan har qanday odam uchun kuchli o’rnak bo’lishi kerak”, - deydi Timoshenko.

Ukraina prezidentligi uchun asosiy da’vogarlardan yana biri - milliarder tadbirkor Petro Poroshenko. Bir paytlar Ukrainaning tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Poroshenko ommaviy so’rovlarda asosiy raqibi Timoshenkodan oldinda bormoqda.
Poroshenkoni Ukrainada “Shokolad qiroli” deb atashadi. Chunki u boyligini, asosan, shirinliklar savdosidan topgan. Ammo u siyosatga begona odam emas.

Inqilobga olib borgan so’nggi namoyishlar paytida Poroshenko Mustaqillik maydonida muntazam chiqishlar qilib, Ukrainani Yevropa Ittifoqiga qo’shilishga da’vat qildi.
Londonlik tahlilchi Orisiya Lutsevichga ko’ra, Poroshenko ushbu chiqishlari bilan ko’plab namoyishchilarning e’tiborini qozondi.

“So’nggi namoyishlarda u juda mashhur bo’lib ketdi. Chunki ochiq chiqishlari bilan odamlarning o’zgarishga bo’lgan ishonchini oshirdi. Shuningdek, u biror siyosiy partiyaga mansub emas”, - deydi Lutsevich.

Poroshenkoni qo’llab-quvvatlayotganlar safida boks bo’yicha sobiq jahon chempioni hamda muxolifat yetakchilaridan biri Vitaliy Klichko ham bor. Poroshenko inqilob asosida Ukrainani yangidan qurish niyati borligini aytadi.

“Yangi davlat dunyoga keldi. Yangi odamlar tug’ildi. Afsuski, eski siyosatchilar hanuz mavjud. Siyosatchilar, hukumat, rahbariyat hamda prezident inqilobning yangi odamlariga mos bo’lishi uchun qo’limdan kelgan barcha ishni qilaman”, - deydi u.

Poroshenko 2004-yilgi inqilobda Yuliya Timoshenko bilan yonma-yon turgan. Inqilob natijasida davlat tepasiga kelgan Viktor Yushenko prezidentligi davrida tashqi ishlar vaziri bo’lgan. “Roshen” nomli shirinlik kompaniyasi orqali katta boylik yig’gan Poroshenko o’zini Ukraina iqtisodiyotini bo’hrondan olib chiqa oladigan shaxs sifatida ko’rsatmoqda.

“Siz bu ajoyib yurtda hech qanday xavf-xatarga yo’liqmaysiz. Biznes qilish xarajatlari, ishchi kuchi ham juda arzon. Ammo yagona muammo - korrupsiya. Unga qarshi kurash bizning eng katta maqsadimiz”, - deydi Poroshenko.

Petro Poroshenko ham, Yuliya Timoshenko ham Qrim ustidan o’rnatilgan Rossiya hukmronligini aslo tan olmasligini aytmoqda. Kiyevda hukumat o’zgarganidan beri Rossiya va Ukraina munosabatlari keskinlashgan. Chegara yaqiniga Rossiyaning ko’p sonli askarlari keltirilgan.

25-maydagi saylovda kim g’alaba qozonishidan qat’i nazar, yangi prezidentni oldinda og’ir sinovlar kutayotgani hammaga ma’lum.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG