Breaking News

Afro-amerikaliklar orasida Obama tarafdorlari ko'p, lekin...


Amerikada 2008-yilgi prezident saylovlarida afro-amerikaliklarning 95 foizi Barak Obamaga ovoz bergan.

Afro-amerikaliklar saylov haqida nima deydi?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00
Yuklab oling

Oradan to’rt yil o’tib, respublikachi Mitt Romni ularni o’ziga ergashtirishga harakat qilmoqda. Xo’sh, bugun qora tanli saylovchilar orasida kayfiyat qanday?

Siyosatshunos Lorenzo Morris fikricha, agar Barak Obama bu safar ham afro-amerikaliklarning quvvatlovini olsa g’alaba qilishi mumkin.

“2008-yildan bilamizki, ular saylovga ta’sir qilish kuchiga ega. Agar ovoz berishga chiqishsa, jarayonda faol ishtirok etishsa”, - deydi Morris.

Ijtimoiy so’rovlar qora tanlilar orasida haliyam Obamaning tarafdorlari ko’p ekanini ko’rsatadi. Masalan, Anjela Jenkins:

“Ishsiz bo’lsamda, Obamaning tashabbusi tufayli o’zimga va farzandimga tibbiy sug’urta oldik”.

Boshqalar iqtisodiy sharoit og’ir ekanini aytadi. Endryu Marshal ikki yil davomida ish topa olmay, qiynalgan.

“Qayta ishga joylashganimga endi sakkiz oy bo’ldi. Progress bor, lekin juda sekin. Tinkasi qurigan, umidsizlangan odamlar ko’p”, - deydi fuqaro.

Shunga qaramasdan, Nyu-York ko’chalarida prezidentdan rozi ko’p saylovchilarni uchratish mumkin.

“Ahvol yaxshilanishi uchun vaqt kerak, hamma narsa bir kunda o’zgarib qolmaydi. Nazarimda, Obamani saylasak, kelasi to’rt yilda va’dalarini bajaradi”, - deydi Brendon Franklin.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Mitt Romni esa xomxayolga berilmang, deya afro-amerikaliklarni o’ziga qaratishga urinmoqda. U bu ishning uddasidan chiqdi deyish qiyin.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan saylovchikardan biri onasining tibbiy sug’urtasidan foydalanayotganini aytadi. Romni prezident bo’lsa, bu imtiyoz bekor qilinadi, deb hisoblaydi u.

Jeff Smit Mitt Romniga ovoz bermoqchi, lekin menga o’xshaganlarni, yoshu qarini ish bilan ta’minlashi kerak, deydi.

Prezident Obamani qora tanli aholi yuzlashayotgan muammolar bilan ishi yo’q, deya tanqid qiladiganlar ham bor.

“Kampaniyasi davomida latinolar haqida rosa gapirdi, gomoseksual fuqarolarga ham murojaat qildi, ammo afro-amerikaliklarni qiynayotgan masalalarni ko’tarmadi”, - deydi Shimoliy Karolinadan Olga Rayt.

Tomas Allen o’zini neytral saylovchi deb ta’riflaydi. Uning aytishicha, prezidentga o’tgan to’rt yilda qilgan ishlariga qarab baho berish kerak. “Nazarimda, u ikkinchi muddatga loyiq emas”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchi Deyvid Bositisga ko’ra, 6-noyabrda qora tanlilarning aksar qismi Mitt Romnini emas, baribir Obamani tanlashi aniq.

“Obama qanday siyosat olib borishini ular bilishadi. Respublikachilar partiyasiga nisbatan esa qo’rquv bor”, - deb tushuntiradi Bositis.

Tahlillarga ko’ra, Obama Oq uyni yana qo’lga kiritaman desa, afro-amerikalik jamoalarni o’ziga ergashtira olishi kerak. Ayniqsa, saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG