Markaziy Osiyo xabarlari-15 fevral


QIRG’IZISTON-AQSh

Qirg’iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyev bugun bayonot qilar ekan, mamlakatdagi AQSh harbiy bazasi uchun ijara haqi 100 baravarga oshirlishini ta’kidladi. Afg’onistondagi anti-terror operatsiyasida qo’l kelayotgan Manas harbiy bazasidan foydalanish uchun, Amerika hukumati Qirg’izistonga 2 million dollar miqdorida mablag’ to’lashga kelishib olgan edi. “Yangi hisob kitoblarga ko’ra, endi AQSh 207 million dollar to’lashi lozim bo’ladi”, dedi Bakiyev Rossiya matbuotiga bergan intervyusida.

"Kommersant" gazetasiga gapirar ekan, Bakiyev, “biz bazalarimizni tekinga bera oladigan boy mamlakat emasmiz, va AQSh tomoni bu qarorni to’g’ri qabul qiladi degan umiddamiz”, deya ta’kidladi.

Aytish joiz, Manas aviabazasi AQShning Afg’onistondagi 1700 nafar qo’shinlarini quvvatlab turish uchun muhim strategik ahamiyatga ega. Uning muhimligi ayniqsa o’tgan yili Amerika harbiylari O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lgandan keyin yanada oshgan edi.

Yangi narx bo’yicha AQSh rasmiylari hali o’z munosabatini bildirganicha yo’q.

QIRG’IZISTON

Kecha Qirg’iziston xavfsizlik kuchlari Osh shahri aeroportida Birlashgan Arab Amirliklariga go’yoki fohishabozlik bilan shug’ullanish uchun yo’l olayotgan o’nlab yosh ayollarni qo’lga oldilar.

17 va 38 yosh atrofidagi 60 dan ziyod ayollarning 58 nafari ozbek, biri tojik, qirg’iz va biri turkman millatiga mansubdir. Ularning barchasi Osh shahrining bojxona nazoratidan o’tib, Sharja shahriga yo’l olayotgan samolyotga o’tirayotganida xibsga olinganlar, deya xabar qiladi mamlakat xavfsizlik xizmati.

Qo’lga tushgan qizlardan birining ta’kidlashicha, ular fohishabozlik uchun emas, oshpazlik va offitsiantlik bilan shug’ullanish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklariga yo’l olayaotgan edilar.

Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga ko’ra, Markaziy Osiyo inson savdosi rivojlanayotgan mintaqalardan biridir. U yerda aholisi eng ko’p O’zbekistondan ko’pchilik Fors ko’rfazi davlatlariga boradi.

OZARBAYJON

Ozarbayjon Qozog’iston va Turkmanistonda ishlab chiqarilayotgan tabiiy gazni Yevropa mamlakatlariga uzatmoqchi, deya ta’kidladi mamlakatning sanoat va energetika vaziri Notiq Aliyev.

“Bugunda Trans-Kaspiy gaz quvurini qurish uchun hech qanday muammo yoq. Eng muhimi masalaning siyosiy yechimini topish. Bu borada yutuqlarga erishildi, navbat muzokaralarga”, dedi vazir Aliyev.

Unga ko’ra, bir kun kelib, Ozarbayjon o’z gazini Turkiyaga va u orqali Yevropa mamlakatlariga eksport qiladi. "Ayniqsa 2015 yilda mamlakatimiz yiliga 20 milliard kubometr gaz ishlab chiqarishga qodir bo’ladi", dedi vazir Notiq Aliev.

Ma’lumotlarga ko’ra, mazkur yilning oktyabr oyiga borib Turkmaniston ham ming kubometr gaz narxini 65 dan 100 dollargacha oshirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG