Breaking News

O'zbekistonda og'ir turmush sharoiti aholi salomatligini yemirmoqda


O’zbekistonda qish faslining qorli va sovuq kunlari boshlangan. Shifokorlarga ko’ra, qishning sovug’ida gripp va boshqa kasalliklarga chalinmaslikning eng yaxshi yo’li – vitaminlarga boy mahsulotlar iste’mol qilish hamda to’yib ovqatlanishdir.

Ayni kunlarda ayollar va bolalar organizmida yod miqdorining yetishmasligi va vitaminsizlik o’z kuchini ko’rsatayotgani aytilmoqda. Ma’lumotlarga ko’ra, bugun O’zbekistonda bolalarning 75 foizi va katta yoshdagilarning 60 foizi yod tanqisligidan xasta.

Biz Toshkentdagi ishchilar yotoqxonalaridan birida bo’lib, ularning hayoti bilan qiziqdik. Yotoqxonaning juda xarob oshxonasida bir ayolning ovqat pishirmoqda.

“Mana, hozir rizetkada qilayapmiz ovqatni. Mana shu rizetka men kelganimda yo’q edi, biz o’zimiz qo’ydirib, o’zimiz simini ulatdik, tepadan o’zimiz tushurtirdik. Agar svet o’chsa, bo’ldi, ovqat qilayotganimiz shu turishda qolib ketadi. Piyoz qovurildimi, suv solinmadimi, qachon svet kelsa, o’shanda yana ovqat qilamiz. Ungacha turaveradi – achib qoladimi u, bir kundan keyin svet keladimi”, - deb aytadi ayol.

Muxbir: "Bir kunda necha mahal ovqat qilasiz?"

Ayol: "Voy, ikki kunda, uch kunda bir mahal ovqat qilaman men, bir kunda bir mahal ham emas. Umuman, o’zi 3 kunda bir mahal ovqat qilaman, undayam produktam tugasa, qo’shnilardan bir oz olib turaman, yana olganimda beraman. Shu bilan yana produkta yo’q, o’tiraman".

Muxbir: "Mana, yosh bolangiz bor ekan, qiynalmayapsizmi?"

Ayol: "Nima qilay qiynalsam ham? Mening emizikli bolam bor, 3 oydami, 4 oydami bir kilo bo’lsayam go’sht olib, yeyishim kerak baribir. Chunki o’sha vitamin yetishmay qolmasin deyman. U yer-bu yerdan siqib, baribir olaman. Ishlamayman o’zim, ishlardim, hozir dikretdaman. Erim kombinatda ishlaydi, hozir oylik yo’q".

“Men 12 yoshdaman. 6“a”-sinfida o’qiyman. Mening otim Shirin. Bir xil paytlarda dars qilmoqchi bo’lsak, birdaniga tok ketib qoladi. Keyin ustozimning oldiga boraman, “tok ketib qoldi, uy ishlarini qilolmadim” desam, ustozim meni urushadi. Oylik so’rab borsa, ota-onamiz, “pul yo’q” deyishadi. Ko’pincha oylik bermaydi. Bizlar qiynalib qolganmiz. Shu sababli darslarga yaxshi qatnasholmayman. Ko’zi ojiz ukam bor, ularni ham ota-onam boqishi kerak, 3 nafar farzandmiz, ularni davolatish kerak, unga pulimiz yo’q”, - deydi shu yotoqxonada istiqomat qilayotgan qizaloq.

Muxbir: "Kitob-daftarlar, boshqa kiyim-kechaklargachi, nima qilayapsizlar? Masalan, o’rtoqlaring bilan o’zingni solishtirganingda, qanday deb o’ylaysan?"

Shirin: "O’zi biz kam ta’minlangan oilaga kirgizilganmiz maktabda. Bir-ikkita kitoblarni maktabdan berishadi, keyin ota-onamiz bo’lsa bergan ozginagina oylikka zo’rg’a kiyim-kechak oladi".

Mutaxassislarga ko’ra, tanadagi yod tanqisligining keskin o’sib borayotgani to’yib ovqatlanmaslik hamda oila dasturxonida oylab vitaminga boy mahsulotlar bo’lmasligi bolalarning aqlan nosog’lom o’sishiga, jismonan zaif rivojlanishiga, buqoq kasalligining rivojlanishiga olib kelayotir.

“Tuzning yod miqdorining o’z dozasi bor, bolalarga yetarli daraja bo’lishi kerak – homilador ayollarning organizmida 200mg yod bo’lishi kerak. Bu yetmagan holatda o’limli tug’ilish, bepushtlik bo’lishi, “prejdevremenniy vikidishlar” deydiyu, ana shu narsalar bo’lishi mumkin. Bolalarda esa tug’ma gipotireozning soni ko’payishi mumkin",- deydi Endokrinologiya Instituti bolalar bosh vrachi Nilufar Ibrohimova.

Onada endemik buqoq bo’lsa, bolada ham endemik buqoq bo’lish xavfi bor, deydi u. Yod yetishmovchiligi birinchi navbatda asab sistemasiga ta’sir ko’rsatadi. Bolalarda aqli zaiflikka, xotira susayishiga olib keladi. Bolalar maktablarda darsni o’zlashtirishga qiynaladi.

Oylik maoshlarini vaqtida ololmayotgan ishchilar yotoqxonada yashash va hayot kechirish ham kundan-kun og’irlashayotganini aytishadi:

“Endi vaqtida oylik bermagandan keyin unaqa vitaminli ovqatlar yeyish juda qiyin. Go’sht olib yeyolmayotgan, yoki, hattoki, kundalik go’shtsiz, o’sha yovg’on ovqatini ham qaynatib, yeyolmayotgan oilalar bor, voy”.

Muxbir: "Masalan, bir kunda nimalar yeysizlar? Bolalaringizga qanaqa ovqatlar pishirib bera olasiz?"

Ayollar: "Oddiy ovqat qilib beramiz, mastava, shunga o’xshagan, qurbimiz yetganicha. Vitaminli mevalarni, go’shtlarni, sosiska-kalbasalarni-ku umuman anchadan beri ko’rishmagan bolalarimiz”.

“Ba’zi oilalar umuman necha kunlab, haftalab qozon qaynatolmayotganlar borda. Hatto magazinlardan ham qarzga non olib yeyayotganlar bor”.

“Men o’zim, masalan, hozir ishonmasangiz magazindan so’rashingiz mumkin, qarzga botdim. Magazindan oddiy non bilan shakar olganman. Uni ertaga pensiyani olsam to’layman. Hali pensiyagacha xudo biladi, yana qarzga botishim mumkin”.

“Shaxsan mening o’zimning qozonim 2-3 oydan beri qaynamaydi. Bir yildan beri oylik olmaymiz. Oylik olganim bilan ham, misol, shu obshejitga bosib qolishadi”.

“Kiyim-boshni nima qilardik, eski-tuski, kim bersa, o’shani kiydirayapmiz. 17 ming nafaqa olaman bor-yo’g’i. 2 ta o’g’lim bor. Har kuniga bitta mastavami, moshxo’rdami, bo’lgan kuni, bo’lmagan kuni shu ham yo’q. Bolalar bechora o’tiribdi indamay. Pensiyaniyam vaqtida ololmayapmiz”, - deyishadi ishchilar yotoqxonasida istiqomat qilayotgan ayollar.

Mutaxassislarga ko’ra, yod miqdori boshqa iste’mol mahsulotlarida ham mavjudligi qayd etilsa-da, biroq aholining ayni paytdagi iqtisodiy ahvoli bu mahsulotlardan yetarlicha foydalanishga imkon bermaydi. Shifokor Nilufar Ibrohimova:

“Mana hozir tekshiruv olib borganda, xurmo, yong’oqda ham yod miqdori bor. Lekin organizmga yetarli darajada tushishi uchun 2 kilo yong’oq yeyish kerak, 3 kilo xurmo yeyish kerak bir kunda. Bola qayerdan yeydi? O’shaning uchun eng asosiysi, ommaviy, xalq qamrashi uchun yodlangan osh tuzini iste’mol qilish kerak".

Muxbir: "Bugun qanchalik ko’paygan yod tanqisligi?"

Shifokor N. Ibrohimova: "Bolalarning orasida 75 foiz, kattalar orasida 60-50 foiz deb berilgan endemik buqoq. Yod yetishmaganidan keyin endemik buqoq rivojlanadi".

Endokrinologiya Instituti mutaxassislarining bildirishicha, yod tanqisligi xastaligining oldini olish uchun yiliga 192 ming dollar mablag’ yetarli. Ayni paytda yod tanqisligiga uchragan bemorlarni davolash uchun esa undan ming barobar ko’p, ya’ni yiliga 192 million dollar mablag’ talab qilinadi.

XS
SM
MD
LG