Breaking News

AQSh: Qirg'izistondagi baza mintaqa xavfsizligi uchun muhim


Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri sentyabr oyida AQShga safar qiladi. Adnan Qoraboyevning Vashington rasmiylari bilan AQShning Bishkek yaqinidagi havo bazasi kelajagi haqida gaplashishi kutilmoqda.

Qirg’iziston Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammitiga mezbonlik qilish uchun hozirlanmoqda.

Xalqaro matbuotda Bush rahbariyati va Kurmanbek Bakiyev ma’muriyati o’rtasida aloqalar uncha iliq emas degan xulosalar bildirilmoqda.

Biroq AQShning Bishkekdagi elchisi Mari Yovanovich (Marie Yovanovitch) ikki davlat juda yaxshi munosabatda, deydi.

“O’tgan oylarda AQShning yuqori lavozimli rasmiylari Bishkekka tashrif buyurib, muzokaralar olib bordi. Jiddiy mavzularda. Ayrim matbuot sahifalarida bu muzokaralar salbiy tusda yoritildi. Elchi sifatida Amerika Qirg’iziston bilan samarali aloqaga ega degan bo’lardim”,- deydi Yovanovich xonim.

Vashington-Bishkek aloqalarida Manas havo bazasiga shu qadar e’tibor qaratiladiki, xuddi baza ikki davlat o’rtasidagi har qanday aloqani hal etayotgandek. Manas AQSh uchun qanchalik muhim?

"Manas havo bazasi nafaqat AQSh uchun, balki Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya uchun ham juda muhim. Qirg’iziston uchun ham. 1999-2000 yillarda mamlakat terror xurujlarini boshdan kechirgan. Biz Afg’onistonda o’sha yovuz kuchlarga qarshi kurashyapmiz. Ular mintaqa xavfsizligiga rahna solmoqda. Demak, baza Markaziy Osiyo tinchligi uchun ham muhim",- deydi AQSh elchisi.

Ayrim siyosiy sharhlovchilar nazarida Qirg’iziston qonunchilari AQSh qo’shinlarini chiqarib yuborishni talab qilib, mintaqada AQShga qarshi hissiyot hukm surayotganini namoyish etmoqda. Bu Amerikani xavotirga solmayaptimi?

"Odamlar bu borada erkin fikrlashi va uni bildira olishi lozim. Qirg’iziston matbuoti Markaziy Osiyodagi eng erkin matbuot. Mamlakatdagi harbiy bazamiz bahsu-munozara, qarshilik va tanqidga sabab bo’lishi, menimcha, tabiiy hol. Lekin buni katta muammo deya olmaymiz . Mavzu qancha ko’p tilga olinsa, shuncha yaxshi. Chunki baza haqidagi faktlar, uning mohiyati ham ommaga yetib bormoqda",- deydi Mari Yovanovich.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o’tgan anjumanlarida AQShning Markaziy Osiyodagi siyosatini tanqid ostiga olgan, uni hukumatlarga qarshi kuchlarni ruhlantirayotganlikda, ichki masalalarga aralashayotganlikda ayblagan edi.

Vashingtondagi ayrim siyosatdonlar fikricha Shanxay Hamkorlik Tashkiloti AQShning mintaqadagi strategiyasiga soya solmoqda. Bishkekdan turib tahlil qilganda, vaziyat aslida qanday?

"Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mintaqaviy tashkilot. Uning ko’plab maqsadlarini AQSh ham olqishlab chiqqan. Jumladan, xavfsizlikni ta’minlash, terrorga qarshi kurash, qoradoriga qarshi kurash… Bu masalalarni hal qilishda hammaga ish topiladi",- deydi Mari Yovanovich.

AQShning Bishkekdagi elchisi Qirg’izistondagi bugungi siyosiy-iqtisodiy vaziyat haqida, shuningdek, shimol va janub o’rtasidagi ijtimoiy tafovut haqida ham savollarga javob berishni lozim deb topmadi.

XS
SM
MD
LG