O'zbekiston aholisining qariyb uchdan biri xorijda


Norasmiy hisob-kitoblarga ko`ra, 27 millionlik O`zbekiston aholisining 7-8 millionga yaqini chet elda.

Sharhlovchilar fikricha mustaqillikdan keyingi yillar odamlar xotirasida mana shu xususiyati bilan muhrlanib qolishi mumkin.

Mehnat muhojirlari deb atalayotgan bu qatlamning asosiy qismi Rossiya va Qozog`istonda.

Hukumat hozirgacha mehnat muhojirlari muammosini tan olgani yo`q, biroq bugungi jamiyatda muhojirlik xalq turmushi, tirikchilikda asosiy tirgaklardan biriga aylangan.

Yaqinda Moskva atrofida ikki nafar o`zbekistonlik ayol pichoqlab ketilgan. Ular rus shovinistlari tomonidan o`ldirilgani taxmin qilinadi.

Qurbonlar Rossiyada ish izlab yurgan millionlab muhojirlardan edi.

Hozirgacha nechta o`zbekistonlik millatchilar tomonidan o`ldirilgani haqida aniq ma`lumot yo`q. Rossiyadagi manbalar turli raqamlarni keltiradi.

O`zbekistonda bu muammo bilan hech kim shug`ullanmaydi, rasmiy hukumat hozirgacha bu kabi qurbonlar yuzasidan sukut saqlab kelgan. Shuningdek, hukumat ish izlab ketayotgan millionlab fuqarolarini tan olmay kelmoqda.

Toshkentdagi mardikor bozorida ish qidirayotgan kishining so’zlariga ko`ra, muhojirlik og`ir, umid qilishdan boshqa chora yo`q.

“Shu ishdan bo’shagandan beri mardikorchilik bilan shug`ullanyapman. Bo`lsa, davlat ishida ishlagan yaxshi. Rossiyaga ham borib kelganman, ko’pchilik ko`chib ketayapti, biz 5 oy turdik. Yo`l pulini, sovg’a salomga pul to`plab orqaga qaytdik. Hozircha shu yerdamiz. Endi, kim biladi? “Yaxshi bo`lib ketadi, davlatimiz boy”, deyishayapti. Davlat bizga o`xshagan ishchilarga ham qarashishni boshlar endi, shuni kutayapmiz”, - deydi u.

Mustaqil manbalar bugun O`zbekiston aholisining tirikchiligi ko`p jihatdan ana shu haq-huquqsiz, boshpanasiz va ko`maksiz olgan muhojirlar hisobiga kechayotganini ta`kidlaydi.

Mustaqil iqtisodchi Jahongir Shosalimov nazarida aynan mehnat muhojirlari yuborayotgan pullar O`zbekistonda iqtisodini ushlab turibdi.

“Mardikorlar tomonidan 6 millard dollargacha pul olib kiriladi. Shuning hisobiga O`zbekiston banklari defoltdan saqlanib turibdi, to`lov qobiliyati ishlayapti”, - deydi u.

Gorizont.uz sayti Rossiyada ishlayotgan muhojirlar sonini 5,5 milliondan ortiq deydi. Mavsum paytida har kuni O`zbekiston-Qozog`iston chegarasidan minglab muhojirlar o`tadi, ularning aksariyatida aniq ish joyi yo`q, tavakkal bilan yo`lga chiqqan.

Chegaradayoq ularni ish taklif qilayotgan odamlar kutib oladi. Biroq bunday va`dalarning aksariyati qullik bilan yoki muhojirni tekinga ishlatish bilan tugaydi.

“Rasmiy doiralarda, masalan, Qozog’iston-O`zbekiston yoki Rossiya o’rtasida muhojirlar huquqlarini himoyalash bo`yicha bitimlar tuzilsa, albatta, nodavlat tashkilotlarning bu boradagi faoliyati ham samarali bo`lar edi. Lekin afsus O`zbekiston hukumati bu muammoni tan olmayapti”, - deydi huquq himoaychisi Suhrob Ismoilov.

O`zbekistondan chiqib ketayotgan har bir muhojir orqasida uch-to`rt nafar farzand bor yoki ular serfarzand ota-onasiga ko`makka otlangan yosh yigit-qizlar.

Ma`lumotlarga ko`ra, aholining to`y-hashami, uy-joy qurilishi asosan muhojirlikdan topilgan pullar evaziga amalga oshmoqda.

Rossiyadagi “Kommersant-Dengi” jurnali ma`lumotiga ko`ra, pul ot`kazishda o`zbekistonlik muhojirlar MDH miqyosida birinchi o`ringa chiqqan. 2008 yilning birinchi choragiga ko`ra, O`zbekistonga 400 million dollardan oshiqroq pul jo`natilgani ta`kidlanadi.

Sharhlovchilarning aytishicha, hukumat muhojirlarning iqtisodiyotga, ijtimoiy vaziyatni yumashtishga berayotgan yordamini biladi, biroq ular himoyasiga turishni o`ziga ep ko`rmaydi.

Buning sabablari haqida sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov shunday mulohaza bildiradi:

“O`zbekiston bu masalani ataylab ko`tarmaydi. O`z fuqarolarini himoya qilmaydi, chunki davlat rahbarlari, hokimiyat qiladigan ishni muhojirlar qilayapti. Davlat ish bilan ta`minlayotgani yo`q. Ketayotganlar asosan yoshlar, bu yomon oqibatga, ko`pchiligining qaytib kelmasligiga olib kelishi mumkin”.

Iskandar Xudoyberganov fikriga ko`ra, chiqib ketgan muhojirlar orqaga qaytmasligi mumkin. Bu O`zbekistonda ancha muammolarga sabab bo`lishi mumkin.

“Eng achinarlisi, bular u yoqqa borgandan keyin va hukumatning himoyasisiz qolgach, salkam qulga aylanishadi. U yerdagi sharoitga nisbatan arzimagan haq to`lashadi”, - deydi Xudoyberganov.

Hukumat mehnat muhojirlariga qanday pozitsiyada qarashidan qat’iy nazar O`zbekistondagi real vaziyat mamlakatdan chiqib ketishga chog`langan kishilarning tobora ko`pyib borayotganini ko`rsatmoqda.

Hozir poytaxt Toshkentning o`zida 10 ga yaqin mardikor bozori mavjud, bu yerda ish izlayotganlarning har biri mamlakatdan chiqib ketishga qarshi emas, biroq imkoniyat tobora cheklanmoqda.

“Rossiyaga borganman, 70 kun ishlab, 300 dollar oldim, bu yer ham bo`lmas ekan deb qaytib keldim, hozir odamlar 6-7 oylab oylik olmayapti. Bir oyda normalniy yashash uchun 500 ming so`m kerak, oziq-ovqatning o`ziga. Qayerda donimizni sochgan bo`lsa, o`sha yerda terib ishlab yuribmiz, tepada Xudo hammasini ko`rib turibdi, ehtimol yaxshi bo`lib ketar”, - deydi mardikor bozorida ish kutayotgan bu yigit.

Ayrim sharhlovchilar muhojirlik MDH miqyosidagi umumiy jarayonligini ta`kidlashadi. Bu narsa nafaqat O`zbekistonda, balki Tojikiston, Qirg`iziston va boshqa respublikalarda ham avj olgan. O`zbekiston aholisi ko`pligi jihatdan ham muhojirlar ro`yxatida yetakchi.

Huquq himoyachilari nazarida boshqa davlatlar hukumatlari muhojir fuqarolarini himoyasiga olgan, millionlarni tashkil etayotgan o`zbek muhojirlari qatlami bilan ishlash, ular haqlarini, qadr-qimmatini himoyalash borasida na rasmiy hukumat, na o`zbek muxolifati biror pozitsiyaga ega.

“Muxolifatning o`zi mamlakat ichida ham, tashqarisida ham biror ish qilayotganini sezish qiyin, muhojirlar bilan ishlagan taqdirdagina biror siyosiy kuchga aylanishi mumkin. Menimcha, O`zbekistonda biror demokratik kuch yoki huquq himoyachilarida migrantlar bilan ishlash imkoniyati yo`q, bundan umid qilmasa ham bo`ladi”, - deydi muxolifat vakillaridan biri Abdurahmon Tashanov.

O`zbekiston mehnat muhojirlari bilan bog`liq vaziyatni yumshatish uchun qanday yo`l tutish kerak? Hukumat, jamoatchilik masalani muhokama qilsa, o`zbek muhojirlari millatchilardan omon qoladimi? Ularni qullikka sotilishdan saqlash mumkinmi?

“O`zbekistonda iqtisodiy islohotlarni kuchaytirib migrantlarni tabiiy ravishda qaytarish kerak. Bunga hukumatning kuchi yetmasa, migrantlar ko`p bo`lgan davlatlar bilan bu borada rasmiy muzokara olib borish kerak”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

“Rossiya rahbarlari fuqarolarimiz qayerda bo`lmasin biz ularni himoya qilamiz dedi. Bu nimani anglatadi? Bu degani qayerda ruslar yashasa, o`sha yerga kirib boramiz degani. Mana, O`zbekiston fuqarolari o’sha yerda yuribdi, O`zbekiston ham shunday qilsin. O`zi haqiqatan ham himoya qilishi kerak. Gap urushda emas, O`zbekiston fuqarolariga qanday sharoit yaratib berilganini kuzatishi kerak. Lekin hukumat buni qilmaydi, shunday qilsa migratsiya to`xtab qoladi. Shuncha yosh ko`chaga chiqib ketsa, tasavvur qiling, nima bo`ladi?” - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

“Yaqinda Moskva inson huquqlari byurosi yarim yillik hisobotini chiqargan edi. Unga ko`ra, 12 ta o`zbekistonlik taqirboshlar tomonidan o`ldirilgan. Vaziyat shunchalik og’irlashishiga qaramasdan, afsus bilan aytish kerakki, haliyam O`zbekistonda mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish bilan shug`ullanuvchi biror ixtisoslashgan tashkilot yo`q”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Ekspertlar fikriga ko`ra, asosiy ish o`rinlari berishi mumkin bo`lgan O`zbekiston qishloq xo`jaligi mutlaq hukumat monopoliyasida.

Qishloq xo`jaligida ishlashning samarasiz. Shu bois muhojirlarning asosiy qismini tashkil etayotgan qishloq aholisini tirikchilik o`tkazish maqsadida dunyoning turli davlatlariga chiqib ketishga majbur bo’lmoqda.

XS
SM
MD
LG