Muhojirotdagi o'zbekistonliklar huquqiy himoya so'ramoqda


Ukrainada yashayotgan o’zbekistonlik muhojirlar huquqlari poymol etilayotganidan shikoyat qilib keladi.

Ba’zilar “muxolifatchi ekanim va siyosiy faoliyatim O’zbekiston gaziga xaridor Ukrainaga yoqmayapti” desa, boshqalar mezbon davlat idoralarini qog’ozbozlikda va osiyoliklarga nisbatan diskriminatsiyada ayblaydi. BMT Qochqinlar idorasi ham tanqid ostida.

Yaqinda AQShning Ogayo shtatiga besh a'zolik o'zbek oilasi ko'chib keldi. O'zini siyosiy faol deb tanishtiruvchi, nasroniylikka kirgan Baxtiyor Hasan - uch farzandning otasi. Ukrainada bir yilcha yashab qochqin degan maqom ololmagan.

"Nima uchun status bermayapsiz desam, sababi aytilmaydi deyishdi. Xohlasangiz sudga bering deyishdi. Sudga bermoqchi bo'lmasangiz, oilangiz bilan Ukrainani tark etishga majbur bo'lasiz. Bugundan boshlab umuman noqonuniy ravishda yashayotgan hisoblanasiz deyishdi",- deydi Baxtiyor Hasan.

Muhojir 70 dollar miqdorida jarima to'lagan va Ukrainani o'zi istab tark etmasa, deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Boray desa joyi, ishlay desa ruxsati yo'q o'zbekistonliklar Ukrainada juda ko'p, deydi u.

"Ukrainada qochqinlarning ahvoliga qaraydigan inson qolmagan hozir".

Baxtiyor Hasan taxminicha Ukrainada qochqin maqomiga ega o'zbekistonliklar qariyb 100 nafarni tashkil etsa, hujjatsiz yurganlar bir necha ming. Qrimning o'zida, deydi u, ikki-uch ming o'zbek bor. Qora ish qilib kun ko'rayotgan bu insonlar bir sharpadek yashaydi deydi muhojir.

"Masalan, afrikaliklarga munosabat boshqacha. Ular qonuniy yashab, qonuniy ishlashi uchun ularga katta yo'l ochib berilgan. Osiyoliklarga, jumladan o'zbekistonliklarga, davlat tomonidan ochiq namoyon qilinayaptiki, biz siz bilan ish qila olmaymiz. Ukrainaga zarur gazning 13 foizini O'zbekiston ta'minlaydi",- deydi u.

Baxtiyor Hasan AQShdan boshpana olgach, Klivlend shahrida vaqtinchalik turar joy bilan ta'minlangan.

O'zbekistonda tilga olinadigan tanqidlardan biri shuki, ko'plab odamlar xorijga ketish uchun "hukumat menga siyosiy yoki diniy qarashim uchun bosim o'tkazayapti", "muxolifatchiman" yoki "huquq himoyachisiman" degan iddao va bahonalar bilan elchixonalarga yoki BMT qochqinlar idorasiga murojaat qilmoqda.

Baxtiyor Hasan fikricha bu tanqidda jon bor. Lekin, deydi u, vatanni bu ahvolda tark etish, boshqa bir davlatga 'boshimni sila" deya murojaat qilish har qanday inson uchun juda og'ir.

"Boshpana so'rayotganlarning ko'pi iqtisodiy emas, siyosiy aziyatda qolgan odamlar",- deydi u. Qolaversa, deya da'vo qiladi Baxtiyor Hasan, qochqinlar orasida O'zbekiston hukumatining odamlari ham bor.

Baxtiyor Hasan va u kabi yana ko'plab muhojirlar BMT Qochqinlar idorasini qog'ozbozlikda, loqaydlikda va qiyin ahvolda qolgan odamlarga yordam berishdan bosh tortayotganlikda ayblaydi.

Rossiya va Ukrainada o'zbekistonlik migrantlar ahvoli yaxshi emasligini ochiq tan oladigan BMT Qochqinlar idorasiga ko'ra esa muhojirlarga har tomonlama g'amxo'rlik qilish - hukumatlar zimmasida. Ular qochqinlar huquqini himoya qiluvchi qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan.

"BMT Qochqinlar idorasining vazifasi hukumatlarga va mustaqil muassasalarga muhojirlar va boshpana so'rayotgan odamlar ishini ko'rib chiqishda va immigrantlarning huquqi buzilmasligini ta'minlashda yordamlashish",- deydi tashkilot xodimasi Nataliya Prokopchuk.

Qochqinlar taqdirini hal etish juda murakkab, xalqaro va qaltis jarayon, deydi BMT vakili. Huquqi hurmat qilinishini talab qilayotgan muhojir avvalo ular haqida yaxshi bilishi, idoraviy tizimlar haqida ma'lumotga ega bo'lishi kerak. Bu oson ish emas, deydi BMT xodimasi, sabr-toqat kerak.

"Masalan",- deya qayd etadi Nataliya Prokopchuk, "Baxtiyor Hasandek qochqinlar vaziyatdan qanchalik shikoyat qilmasin, BMT Qochqinlar idorasi dasturi orqali bir davlatdan bo'lmasa, boshqasidan, xususan Qo'shma Shtatlardan boshpana olgan. Demak mavjud mexanizmlar ish bergan".

Hozirda, deydi Nataliya Prokopchuk, Ukrainada 2500 ga yaqin qochqin bor. Yana taxminan shuncha odam bu maqomni olish uchun ariza topshirgan.

"Har bir ariza sinchiklab ko'zdan kechiriladi. Da'vo va sabab, isbot va dalil… bularning barchasi tekshiriladi. Har bir da'vogar, kim bo'lishidan qat'iy nazar, individual tarzda ko'rib chiqiladi. Jarayonga hech kim aralasha olmaydi, hatto BMT ham. Biz AQSh yoki Shvetsiyaga biror odamning ishini tezroq bitiring yoki bir haftada javob bering deya talab qo'ya olmaysiz. Hukumatlar arizaga bir yilgacha javob bera olmaymiz desa, demak, kutishga majbursiz. Odamlarni tushunamiz, chunki ular nazarida ish chetga surilgandek yoki oldinga siljimayotgandek tuyulishi mumkin, ammo haqiqat shuki, jarayon mashaqqat va vaqt talab qiladi",- deydi Qochqinlar agentligi vakili.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG