Makkeyn reytinglarda orqada, biroq g'alabaga ishonchi baland


AQShda prezident saylov kampaniyasining oxirgi haftasi.

Nomzodlarning butun e’tibori saylov natijasini hal qiluvchi shtatlarga qaratilgan.

Respublikachi Jon Makkeyn Ogayo va Ayova shtatlariga, demokrat Barak Obama Koloradoga safar qilgan.

Shuningdek, odatda respublikachilarga ovoz beradigan, ammo bu safar demokrat nomzodni tanlashi kutilayotgan Virjiniya, Pensilvaniya va Shimoliy Karolina shtatlarida saylovoldi uchrashuvlari bo'lib o'tmoqda.

So’nggi ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, Obama mamlakat yuzlashayotgan iqtisodiy muammolar haqida bot-bot gapirib, raqibidan 8-10 foiz oldinga o’tib olgan.

Jon Makkeyn saylovchilarni “Obama prezident bo’lsa soliqlarni oshiradi, natijada o’rtahol oilalar va bizneslar yanada qiyin ahvolga tushib qoladi”, - deya ogohlantirmoqda.

Barak Obama esa “soliqlar faqatgina yiliga 250 ming dollardan oshiq daromad ko’rayotganlar uchun oshadi”, - deydi.

Obama amerikaliklarning 95 foizi uchun soliqlarni kamayishtirishini aytmoqda.

Jon Makkeyn o’z tarafdorlarini chekinmaslikka chaqirmoqda.

“So’rovlarga ishonmang, g’alaba bizniki bo’ladi”, - deydi u.

Obama Makkeynni prezident Jorj Bushning yaqin safdoshi va siyosatining davomchisi desa, Makkeyn saylovchilarni “men boshqa yo’ldan boraman” deb ishontirishga urinmoqda.

Prezident Bush va rafiqasi Lora muddatdan oldin ovoz berish huquqidan foydalanib, "Makkeyn uchun ovoz berdik", - demoqda.

Har ikkala nomzod radio va televideniyeda siyosiy reklamalarni ko’paytirib, bir-biri layoqatsizlik, tuhmat va quruq va'dalarda ayblamoqda.

XS
SM
MD
LG