Breaking News

O'zbekistonda moliyaviy tanglik oqibatlari ko'zga tashlanmoqda


O’zbekiston prezidenti Islom Karimov yirik davlatlarni qiynayotgan moliyaviy inqiroz O`zbekistonga unchalik ta`sir etmaganini ta`kidlamoqda.

Uning aytishicha, iqtisodiy rivojlanish o`ziga xosligi tufayli moliyaviy bo`hron mamlakatni chetlab o`tadi.

Sharhlovchilar nazarida esa so`nggi paytda qabul qilingan qarorlar moliyaviy krizis ta`siri kuchayganidan darak bermoqda.

Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov tashrifi munosabati bilan o`tgan matbuot anjumanida O`zbekiston prezidenti moliyaviy inqiroz masalasiga to`xtaldi.

Islom Karimov iqtisodiy rivojlanishning o`ziga xos usuli mamlakatni moliyaviy krizisdan asragani, O`zbekiston moliyaviy spekulyatsiyalarga aralashmagani, yengil kreditlar orqasidan yugurmaganini ta`kidladi.

Mustaqil ekspertlar fikriga ko`ra, vaziyat bir qadar og`ir.

Ismi oshkor etilmasligni so`ragan mutaxassisning aytishicha, Qishloq taraqqiyoti dasturining qabul qilinishi, valyuta sotish tartiblari to`g`risidagi va yengil sanoat mahsulotlari importini cheklash haqidagi qarorlar bevosita moliyaviy inqiroz ta`siri bilan bog`liq.

“Hukumat importni cheklash bilan valyuta taqchilligining oldini olmoqchi. Maqsad mahsulot xaridi uchun chetga chiqib ketayotgan valyuta miqdorini cheklash. Bu qaror asosan tijorat bilan shug`ullanayotgan tadbirkorlar faoliyatiga qaratilgan”, - deydi u.

O`zbekistonlik ayrim mutaxassislar nazarida moliyaviy inqiroz kichik biznes rivojlanishi uchun qulay muhit yaratmoqda.

O`zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisod institute tadqiqotchisi Shukurbek Mirzajonov so’zlariga ko`ra, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari bozori rivojlanmoqda.

“Bizda qishloq xo`jaligi rivojlangani uchun shu sohadagi qayta ishlash loyihalari ko`paymoqda. Sohaga chetdan sarmoya kiritilmoqda. Nega deganda, qayta ishlash uchun asbob-uskunlar unchalik qimmat emas. Meva-savzavotni qayta ishlab, eksport qilish eng sosda biznes. Imkoniyatalri katta. Har qanday inqirozda, birinchi bo`lib qimmatbaho mollar sotuvi qiyinlashadi. Rossiyada, Ukrainada aynan oziq-ovqat bozorlari o`sib borayapti ”, - deydi Shukurbek Mirzajonov.

Uning aytishicha, O`zbekistonda moliyaviy inqiroz oqibatlariga qarshi chora-tadbirlar ko`rilgan, vaziyatni oldindan tahlil etish hozircha qiyin.

Mirzajonov nazarida import mahsulotlarini cheklash qarori faqat valyuta taqchilligining oldini olish uchun qilingan deb tushunish noto’g’ri.

“Bu mening shaxsiy qarashim, importni cheklayapmizmi, demak ichki ishlab chiqarish uchun keng imtiyozlar berishimiz kerak. Bu narsa bo`layapti. O`zbekiston prezidentining dokladida ham ichki mahsulotlar hajmini oshirishga ahamiyat qaratilgan”, - deydi u.

Mustaqil tahlilchilar moliyaviy inqirozning O`zbekistonga ta`sini milliardlab dollarda o`lchaydi.

“Biror davlat, agar u jahon iqtisodidan mutlaqo izolyatsiya qilinmagan bo`lsa, inqiroz ta`siridan chetda qolmaydi. O`zbekiston misolida, bizdagi ma`lumotlarga ko`ra, mehnat muhojirlari yuborayotgan har yilgi mablag` davlatni yillik budjetidan ko`p. Bu yil esa moliyaviy inqiroz bois mehnat muhojirlari ishsiz qolishdi. Bu mablag` O`zbekistonga kelmaydi”, - deydi “Tezkor guruh” analitik markazi tahlilchisi Abdusalom Ergashev.

“Tezkor guruh” markazining moliyaviy inqiroz bo`yicha tarqatgan tahliliga ko`ra, ishsizlikning ortishi, ayniqsa, 2009 yilda vaziyatni keskinlashtiradi.

XS
SM
MD
LG