AQSh oliygohlaridagi o'zbekistonlik iste'dod sohiblari


AQShning Park Universiteti veb saytini ko’zdan kechirar ekansiz, bir jihat e’tiborni tortadi. Xalqaro musiqa bo’limida O’zbekiston, Toshkent degan so’zlar tez-tez uchraydi.

Masalan, nomi chiqqan uch professor, quchoq-quchoq xalqaro sovrinlarni terib olayotgan bir necha talaba Toshkentdagi Uspenskiy musiqa maktabi bitiruvchilari.

Nodir pianino ustasi, yosh professor Stanislav Yudenich (Stanislav Ioudenitch), fan nomzodi, avval Toshkent konservatoriyasida dars bergan Marina Sultanova, professor Lolita Lisovskaya, talabalar Gulruh Shokirova va Behzod Abduraimov ana shular jumlasidan.

Darvoqe, 18 yoshli Behzod Abduraimov bu yil mukofot bilan obdon siylandi. Londondagi Xalqaro tanlovda Prokofyev asarini ijro etar ekan, auditoriya uni turib olqishladi. Sal avval AQShdagi Korpus Kristi pianino tanlovida g’alaba qozondi.

Britaniyaning “The Independent” gazetasi u haqda shunday yozadi: “Musiqadan zavqqa to’lgan sozanda texnik mahorati, shijoati va samimiy quvonchi bilan barchani zabt etdi.”

Kamsuxan Behzod o’z ijrosi, sahnadagi his-tuyg’ularini shunday ta’riflaydi:

“Ozgina hayajon bo’ladi chalishdan oldin. Lekin sahnaga chiqqanimdan keyin hamma xayollarim faqat musiqada bo’ladi”.

Behzod olti yoshidan beri pianino chaladi. “Birinchi muallimim onam edi”, deydi u:

“Olti yoshimda onam Uspenskiy akademik musiqa litseyiga olib borganlar. Avvaliga o’zlari o’rgatdilar. So’ng ustozim Tamara Popovichdan dars ola boshladim”.

Sakkiz yoshida esa birinchi marotaba O’zbekiston Davlat Simfonik orkestri bilan yakkaxon konsert bergan. 2004 yildan beri Moskvada Vladimir Spivakov jamg’armasi yig’inlarida har yili kuy ijro etadi.

Dunyodagi yirik musiqa dargohlaridan nima uchun aynan Park Universitetini tanladingiz degan savolga Behzod “murabbiyim Stanislav Yudenich tufayli” deydi.

2007 yilda uni bu universitetga taklif qilgan ham professor Yudenich.

“2006 yilda Stanislav Yudenich mening ijroimni eshitib, Italiyaga, xalqaro festivalga taklif qildi. So’ngra esa Park Universitetida o’qishga chaqirdi,” – deydi yosh sozanda.

38 yoshli Professor Yudenich “Muxtor Ashrafiy” nomli Toshkent Davlat Konservatoriyasi, Madrid va AQShdagi musiqa dargohlarida ta’lim olgan. Park Universitetidagi Xalqaro Musiqa markaziga asos solgan.

Universitet iste’dodli talabalarga grant beradi. Elit ta’lim maskani sanalsa-da, mehnatdan qo’rqmaydigan odam unga kirishi mumkin, deydi Behzod Abduraimov.

“Faqat mashq qilib, bilim olib, harakat qilish kerak. Intilish lozim. Albatta, bu hammada bo’lishi mumkin. Men musiqani juda ham yaxshi ko’raman. Kuniga besh soatlab mashq qilish osonmas. Tengdoshlarim meni o’ynashga, ko’chaga chaqirishardi. Lekin men har doim o’ylar edim - katta sahnada chalish uchun ishlash kerak, mashq qilish kerak. Bugun hamma harakatlarim oqlandi,” – deydi Behzod Abduraimov.

XS
SM
MD
LG