AQSh harbiylari bilan turmush qurgan ikki qirg'iz ayoli taqdiri


Merilend shtatida, uch qavatli shinam bir xonadonda yosh qiz-juvonlar bazm qilayapti. Ko’pi qirg’izistonlik, farzandli. Hamma o’zaro yo rus, yo ingliz tilida gaplashadi – juda adabiy bo’lmasa-da, har holda odam bir-birini tushunadi.

Hazilkash, to’ladan kelgan xonadon bekasining eri amerikalik harbiy, Iroq poytaxti Bag’dodda xizmat qilmoqda. Oshxonada kuymalanib yurgan qotma, nozik juvonning eri esa Afg’oniston janubi, eng notinch viloyatlardan biri - Qandahorda.

Yoshi 30 ga chiqmagan bu ikki qirg’iz ayolining taqdiri doston bitgulik. Ism-sharifini aytmaslikni so’rar ekan, ular “ota-onamiz ko’p narsadan bexabar”, deydi.

"Zobit ering bilan qayerda tanishgansan” deb so’rasa, qizlarning javobi tayyor.

“Qirg’isitonda “Manas” aeroporti bor. Xalqaro koalitsiya o’sha yerdan qatnaydi. Erim aerodromda ishlar edi. Biz talabalar harbiylar bilan tanishib, ingliz tilida gaplashish imkoniga ega edik. Shunday qilib tanishib qoldik”,- deydi ulardan biri.

Aslida voqea boshqacha bo’lgan. Qizlardan biri, chapani va hazilkashi, maktabni bitirib, darrov o’qishga kirmadi - Bishkekda barda ishlay boshladi.

“Saldan so’ng ota-onam ra’yiga qarab moliyaviy texnikumga kirdim, o’zi hisob-kitobga hushim yo’q”, - deydi u.

“Bir kuni barga tanishim kelib, Koreyaga bormaysanmi, deb qoldi. Raqqosa bo’lib. Intervyuga bordik, hammamizni teatrga olib borib, har xil milliy kiyimlarda rasmga olishdi. Gaplariga ishonib, shartnoma imzoladim, hammasi juda jiddiy ko’rindi menga”.

Onasiga ochig’ini aytmasdan, “rahbarim Janubiy Koreyada restoran ochibdi, shunga xodimlar kerak ekan”, deydi. Koreyaga borgach esa qizlar xavotirga tushadi. Ularni Seul yaqinidagi Santan shahriga, chekka bir tungi klubga olib borishadi.

“Oldimizga bir ayol bilan erkak keldi – xo’jayinlarimiz ekan. Hech qaysisi ruscha gapirmaydi. Biz qizlar inglizchani ham, koreyschani ham bilmaymiz. Ketayotganimizda til bilish shartmas, faqat raqsga tushasizlar deb, jo’natishgan edi-da bizni!”

Qizlar uch xonali kvartirada joylashadi. Xo’jayin buyrug’i bilan do’konga borib, kupalnik, poshnasi baland tuflilar olishadi. “Sartaroshga olib borib, sochlarimizni silliqlashdi – Koreyada shunaqasi moda ekan” deydi suhbatdoshimiz.

“Bir oycha o’zimga kelolmay yurdim. Ishimiz sahnada raqsga tushish, mijozlar bilan o’tirib, ularning ko’nglini ovlash, ko’proq ichimlik sotib olishga undashdan iborat edi”.

Ana shunday kunlarning birida AQSh zobitlari klubga kelib qolib, bo’lajak turmush o’rtog’i bilan tanishadi.

“Birga ko’p vaqt o’tkazar edik. Oradan bir oz o’tib, og’iroyoq ekanimni bilib qoldim. Uyga, Qirg’izistonga qaytib, kvartirada yashay boshladim. Onam-ku meni tushundi, lekin otam uzoq vaqt gaplashmadi. Qarindoshlar ko’p gap-so’z qildi. Ota-onamning uyiga kechqurun kelib, tunda ketardim, hech kim ko’rmasligi uchun. O’g’lim tug’ilgach, qallig’im Amerikadan yetib keldi. Ota-onam uchun 70 kishilik to’y qildik”.

Ikkinchi suhbatdoshimiz jiddiy va bosiq. Bishkekda katta bo’lgan. Yudirik instutning beshinchi kursida o’qib yurgan paytlari edi.

Janubiy Koreyada tungi klubda raqqosa bo’lib ishlashga qaror qiladi. Ingliz tilini bilish shart edi. “Koreyschani o’rganishimiz uchun kurslarga ham yozdirib qo’yishdi”, - deydi u.

“Tavakkal qilib, bir yillik shartnoma tuzdim-da, Koreyaga ketdim. Otamning xabari yo’q edi, onamga aytdim. Qo’rqishga qo’rqadi odam. Samolyotda o’tirib, nimalar qilayapman o’zi, deb o’yladim. Lekin borganimdan afsuslanmayman.”.

Tunggi klub egalari bitim shartlariga qat’iy amal qilgan – qizning vazifasi faqat sahnada raqs tushish edi.

“O’zbekistonlik qizlar ham bor edi u yerda”, deydi ayol. Bir yil ishlab, uyiga qaytgach, institutda davlat imtihonlarini topshirdi. Diplomini olib, yana Koreyaga jo’nadi.

“Klub egalarining xodimlarga muomalasi menga yoqdi. Shuning uchun yana bordim. Oradan uch oy o’tib esa amerikalik askarlar Shukronalik kunini nishonlash uchun klubga kelib qolishdi. Biri bo’lajak erim edi. Tanishib qoldik. Qirg’izistonga kelib, ikki oy ota-onamning uyida mehmon bo’lib qoldi. Ko’p o’tmay turmush qurdik. Ota-onam va menga uzun xat yozib, qo’limni so’ragani esimda. Onam uni saqlab, haligacha mehmonlarga maqtanib ko’rsatadi”.

Bu ayollar mana olti yildirki Qo’shma Shtatlarda yashaydi. Urushdagi erlari bilan kunda telefonda yoki internet orqali gaplashib turishadi.

“Afg’onistonda ayniqsa saylov paytida og’ir bo’ldi. Bir oyda 563 askar o’lgan – bu ular uchun katta yo’qotish. Qo’rqaman albatta, bomba qachon, qayerga tushishini bilmaysan kishi”.

AQShning frontdagi askarlari orasida o’z joniga qasd qilayotganlar ko’paygan. Ammo armiyadan haydalishdan qo’rqqan zobitlar ruhiy muammolarini ko’pincha sir tutadi.

Bundan oilalar ham jabr ko’rmoqda. Suhbatdoshlarimizning turmush o’rtoqlari bu olovli nuqtalarga birinchi bor borishi. Biri kuzda, ikkinchisi esa kelasi yil boshida qaytishi kerak.

“Eng qo’rqinchlisi shu. Tan jarohatini ko’rasiz, lekin ruhiy dardni sezish qiyin-ku. Qaytib kelsin. Biror o’zgarish sezsam, darhol mutaxassisga murojaat qilishimiz kerak bo’ladi”.

“Shuni bila turib, yana urushga ketishiga rozi bo’lasizmi”? - deb so’ramiz.

“Bu men hal qiladigan masala emas-da. Lekin ,yo’q, albatta. Borishini xohlamasdim”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG