Robiya Qodir uyg'urlar taqdiri haqida Yaponiyada so'zlamoqda


Jahon uyg'urlari rahbari Robiya Qodirning aytishicha, Xitoyda uyg'urlarga nisbatan zulm to'xtamagan. Uyg'ur faoli Yaponiyada bo'lib, rasmiy Pekin siyosatini keskin tanqid qilgan.

Robiya Qodir Yaponiyada ilm ahli taklifiga ko'ra bo'lib, inson huquqlari va etnik ozchilikdagi guruhlar mavzusida ma'ruza qilgan.

"Men Xitoy hukumatiniyam, xalqiniyam dushmani emasman, ularni ham dushman deb bilmayman. Xitoy uyg'urlarni o'z holiga qo'ysin," deydi Robiya Qodir.

Xitoy hukumati uyg'ur faolini jinoyatchi va bo'lginchi deb biladi. Iyul oyida uyg'urlar va xitoylar o'rtasidagi qonli to'qnashuvlarda qo'li bor deydi. O'shanda Urumchida rasmiy hisoblarga ko'ra 200 ga yaqin kishi o'lgan.

Robiya Qodirning aytishicha, o'sha voqealardan so'ng Shinjonda minglab uyg'urlar bedarak ketdi.

Hukumat hamma millat va elatlarni baxtiyor qilib ko'rsatishga harakat qiladi, uyg'urlar uchun xitoylardan ham ko'proq sharoitlar yaratib berganmiz deya bong uradi, biroq aslida buning teskarisi bo'lyapti, deydi faol.

"Iyul oyidagi voqealardan so'ng uyg'urlar tomonidan yuritiluvchi bir yarim mingga yaqin Internet sahifasi hukumat tomonidan yopildi. Ularni yuritganlar esa qamoqqa olindi," deydi Robiya Qodir.

Uning aytishicha, Xitoy hukumati minglab yosh uyg'ur juvonlarni o'qitish va malakasini oshirish bahonasida ularni mamlakat ichkarisiga jo'natib, ekspluatatsiya qilmoqda, o'zligidan ayirmoqda.

Robiya Qodir Yaponiyadagi uyg'ur jamoalari bilan munosabatlarni kuchaytirish rejasi haqida so'zlagan. Xitoy hukumati uning tashrifi munosabati bilan rasmiy Tokioga norozilik bildirgan. Yaponiya rasmiylari Robiya Qodir bilan uchrashmasligi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG