Hamid Karzay jangarilarni murosaga chaqirmoqda


Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Iyd ul Adha bayramining birinchi kunida nutq so'zlab, Tolibon jangarilarini qurollarini topshirishga va tinch hayotga qaytishga chaqirgan. Karzay ushbu mavzuda prezidentlikka qasamyod marosimida ham so'zlagan edi.

"Xoh tolib bo'ling, xoh boshqa guruhga a'zo jangari, vatanga qaytib, tinchlik, osoyishtalik va farovonlik yo'lida xizmat qiling," deydi Karzay o'z da'vatida.

Afg'oniston prezidenti jangarilarni tinchlikka chaqirayotgan bir paytda janubdagi Qandahorda bayram namoziga yo'l olayotgan viloyat hokimi xurujga uchrab, arang omon qolgan.

Ikki kun burun Internetdagi islomiy sahifalarning birida mulla Muhammad Umar bayonoti chiqqan edi. Tolibon rahbariga ko'ra, ajnabiy kuchlar mamlakatdan chiqmas ekan, tinchlik muzokaralari haqida gap bo'lishi mumkin emas.

Prezident Karzay mulla Umar gaplariga pisand qilmay, tinchlik yo'lidagi harakatlarimizni susaytirmaymiz deydi.

"Jangarilar bilan aloqani o'rnatishda davom etamiz, zora mulla Umar va boshqalar murosa va birdamlik muhimligini tushunsa," deydi Karzay.

Afg'oniston prezidenti o'z nutqida siyosiy raqiblari, xususan saylovlarda u bilan bellashgan Abdulla Abdullaga ham murojaat etib, mamlakatni qayta qurishda yordamini ayamaslikka chaqirgan.

XS
SM
MD
LG