Bin Laden o'limi Tolibon bilan murosani tezlatishi mumkin, ayrim afg'onlar qarshi

  • Amerika Ovozi

Bin Laden o'limi Tolibon bilan murosani tezlatishi mumkin, ayrim afg'onlar qarshi

Bin Laden o'limi Tolibon bilan murosani tezlatishi mumkin, ayrim afg'onlar qarshi

Prezident Hamid Karzay toliblar jamiyatga qaytishni istasa, uch shartni bajarishi kerak, degan. Qurollarini topshirib, al-Qoida mafkurasidan voz kechib, Afg'oniston konstitutsiyasiga sodiq bo'lishi lozim.

"Al-Qoida rahbari Osama bin Ladenning o'limi Afg'onistonda terrorga qarshi urushga qanday ta'sir qiladi" degan savol siyosiy arboblar, harbiylar va tahilchilar orasida qizg'in muhokama qilinmoqda. Kimdir al-Qoida va unga o'xshash guruhlar xurujlari kuchayadi, deb xavotir olsa, boshqalar nazarida Tolibon bilan til topishish osonlashadi.

Afg'onistonning AQShdagi elchisi Aqlil Hakimiyning "Vashington Tayms" gazetasiga aytishicha, bin Ladenning o'limi Tolibonni hukumat bilan muzokaraga majburlashi mumkin. Hakimiy Oq uy ma'muriyatini qo'shinlarni Afg'onistondan erta chiqarish da'vatlariga quloq solmaslikka chaqirmoqda. Al-Qoida hali ham jiddiy tahdid, deydi elchi.

Prezident Hamid Karzay toliblar jamiyatga qaytishni istasa, uch shartni bajarishi kerak, degan. Qurollarini topshirib, al-Qoida mafkurasidan voz kechib, Afg'oniston konstitutsiyasiga sodiq bo'lishi lozim.

Elchi Hakimiyning aytishicha, bin Laden al-Qoidada ramziy rahbar bo'lgan xolos. Uning o'limidan qat'iy nazar guruh hali ham faol va xavflidir, deydi u.

Ba'zilar so'nggi xurujlarni bin Ladenning o'limi uchun qasos deb talqin qilmoqda. Ammo, deydi AQSh generali Jeyms Lester, bahor kelishi bilan Tolibonning faollashishi tabiiy hol.

Amerikada ba'zi qonunchilar prezident Obamadan qo'shinlarni tezroq Afg'onistondan chiqarishni so'ramoqda. Obama jarayon iyul oyidan boshlanadi, deb keladi. Ammo afg'on elchisi shoshilinch qaror qabul qilmaslik kerak, deydi.

Al-Qoida rahbari o'lgani bilan terror tarmog'i joyida turibdi. Vazifa hali bajarilmagan, deydi Afg'oniston rasmiysi.

Afg'oniston hukumati Tolibonni zo'ravonlikdan voz kechib, tinch hayotga qaytishga da'vat etayotgan bir paytda, barcha afg'onlar ham Tolibon bilan murosa qilishni istamaydi.

O'tgan hafta poytaxt Kobulda 10 mingga yaqin odam to'planib, toliblar bilan tinchlik muloqoti va Pokistonning bu jarayonga aralashuviga qarshi namoyish qilgan. Tadbirni sobiq razvedka rahbari Amirulla Solih uyushtirgan. Unda o'tgan prezident saylovlaridagi asosiy nomzodlardan biri Abdulla Abdulla ham ishtirok etgan.

Notiqlar hukumat siyosati, al-Qoida va Tolibonni tanqid qilib, agar Karzay ularning talablariga quloq tutmasa, namoyishlarga zo'r berishini aytgan.

Al-Qoida va Tolibon terrorchi bo'lsa, yerimiz, uyimizni yo'q qilib, yaqinlarimizni o'ldirgan bo'lsa, qanday qilib ular bilan murosa qilish mumkin, deydi Solih minglab to'planganlarga.

Namoyishda asosan shimolda yashovchi aholi ishtirok etgan. Ular hokimiyat pashtu millatiga mansub amaldorlar qo'lida ekanidan norozimiz, deydi.

Afg'onistonni bir qabila, bir guruh odamlar hamisha boshqaradi, deydi Kobul universiteti talabalaridan biri "Nyu-York Tayms" gazetasiga.

Xalq kundalik korrupsiyadan, hukumatning samarasizligi va layoqatsizligidan charchagan.

Namoyish tashkilotchisi Amirulla Solih o'tgan yil iyunigacha Karzay ma'muriyatida ishlagan. Jangarilar Kobulda tinchlik kengashi majlis qilayotgan joyni raketa bilan o'qqa tutgach, prezident razvedka ishiga mas'ul Solihni va Ichki ishlar vaziri Hanif Attmarni ishdan bo'shatgan edi.

Kobuldagi namoyish ishtirokchilari qo'shni Pokistonga ham ishonmaydi. Ayniqsa Osama bin Ladenning bu mamlakatdagi harbiy inshoot yaqinida yashagani aniqlangach. Ustiga-ustak, yaqinda Pokiston rasmiylari prezident Karzay bilan uchrashib, undan siyosatini o'zgartirishni, AQShdan uzoqlashib, Xitoy bilan yaqinroq aloqaga kirishni so'ragan.

Ma'lumki, Pokiston azaliy raqibi Hindiston bilan mintaqada raqobatlashayotgan Xitoyga yaqin hamkor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG