Gretsiya qo'shimcha qarz olish uchun pensiyalarni kesdi

  • Amerika Ovozi

Gretsiya parlamenti nafaqa va soliq tizimlarini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini ma'qulladi. Mamlakat kreditorlardan salkam 100 milliard dollar yordam olishga umid qilmoqda.

Loyiha 19 davlat moliya vazirlarining Bryusseldagi majlisi oldidan ovozga qo'yildi. Unda Gretsiyadagi islohotlar va unga qo'shimcha qarz berish masalasi muhokama qilinadi.

Pensiyalarni kamaytiruvchi va o'rtahol oilalardan pensiya fondiga ko'proq to'lashni talab qiluvchi qonundan norozi kasaba uyushmalari Afinada katta namoyish o'tkazdi. Parlament binosini qo'riqlayotgan politsiya odamlarni ko'zni yoshlantiruvchi gaz bilan haydagan.

Oppozitsiya yetakchisi Kiriakos Mitsotakisning aytishicha, qonun soliqlarni va ijtimoiy himoya to’lovlarini ko’taradi, aholining soliqdan va ijtimoiy himoya to’lovlaridan bo’yin tovlashiga olib keladi.

Ammo Bosh vazir Aleksis Tsipras Gretsiyani iqtisodiy jarlikdan qutqarish uchun kreditorlar qo'ygan shartlarga ko'ngan. Aks holda, o'tgan yili Gretsiya yevrozonadan haydalishi mumkin edi.

Gretsiyaga 98 milliard dollar qarz berayotgan Yevropa Ittifoqi va Xalqaro valyuta jamg'armasining yana bir talabi shuki, mamlakat 2018-yilga qadar 3,5 foizli o'sishni ham ta'minlashi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG