Breaking News

"Qirg’iziston Turkiyadan iqtisod, boshqaruv bobida o'rnak olishi mumkin"


"Qirg’iziston Turkiyadan iqtisod, boshqaruv bobida o'rnak olishi mumkin"
"Qirg’iziston Turkiyadan iqtisod, boshqaruv bobida o'rnak olishi mumkin"

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an yaqinda Qirg’izistonga qilgan safari chog’ida munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqaga chet el sarmoyasini jalb etish haqida gaplashdii.

Yil oxirigacha orada viza tartibi butunlay bekor qilinadi, dedi vazir.

Turkiya Qirg’iziston mustaqilligini birinchi bo’lib tan olgan va qator sohalarda hamkorlik o’rnatgan.

“Masalan, Bishkekda ilk besh yilduzli “Pinara-Oq kema” mehmonxonasini qurgan shular”, - deydi sobiq diplomat, hozirda Bishkekdagi nodavlat tashkilotlardan biri rahbari, siyosatshunos Orozbek Moldaliyev.

“Aloqalar yaqin bo’lib ketmaganiga har xil sabablar bor", - deydi u.

"Turkiya NATOning a’zosi, degan so’zlar bilan ayrimlar qirg’iz xalqida bu davlat haqida salbiy tasavvur uyg’otdi. Buning ustiga, Qirg’iziston o’sha davrda diplomatik aloqaqalar qurish uchun yetarli tajribasi yo’q edi. Turkiya ham sobiq Sovet respublikalari bilan qanday muomala qilish borasida tajribasiz bo’lgan”, - deydi u.

Erdog’an safari chog’ida tomonlar o’zaro viza tartibini bekor qilish, davlatlararo kengash tuzishga kelishgan.

Qirg’iziston janubini tiklash uchun Turkiya ajratgan moddiy yordam haqida ham so’z ketdi.

Vazir Anqara va turkiyalik biznesmenlar Markaziy Osiyodagi bu davlatga yirik sarmoyalar kiritmoqchi ekanini aytgan.

Gap qariyb yarim milliard dollar haqida ketmoqda. Mehmon mavjud to’siqlar - poraxo’rlik, korrupsiya, jinoiy guruhlar haqida ham to’xtalgan.

O’shlik tadqiqotchi Muzaffar Tursunov Turkiyada tarix va falsafadan oliy ta’lim olgan.

“Bu kabi chiroyli so’zlarni bizning siyosatchilarimiz ham ko’p aytgan. Amalda esa yetarli chora ko'rilmayapti. Odamlarda davlatga bo’lgan ishonch yo’qolib borayapti. Yirik tadbirkorlar Qirg’izistonda yozgi voqealardan keyin sarmoya kiritmay qo’ygan. Korrupsiya, o’zga mulkka tajovuz hollari ko’payib bormoqda”, - deydi tadqiqotchi Tursunov.

Mutaxassislar istiqbolli yo’nalishlar borligini ta’kidlaydi.

“Menimcha, ta’lim va madaniyat sohasida hamkorlikni yanada oshirish darkor. Masalan, O’shda qirg’iz-turk madaniy markazi ochilsa, yaxshi bo’lardi. U yerda kutubxona, Turkiya hayotiga doir qo’llanma, kitoblar bo’lishi kerak. Ko’pchilik Turkiya madaniyatini, adabiyotini yaxshi bilmaydi”, - deydi Muzaffar Tursunov.

“Turkiyadan o’rganadigan narsalar juda ko’p. Iqtisodiyotdan tortib, parlament boshqaruvini qanday joriy etishga qadar. Turkiyaning sarmoya imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz lozim”, - deydi siyosatshunos Orozbek Moldaliyev.

Turkiya rahbari Bishkekda muloqotlar davomida uch tomonlama, ya’ni Qirg’iziston, Turkiya va Rossiya boshliqlari uchrashuvini tashkil qilish taklifini ol’ga surgan.

Bishkeklik siyosatshunos Orozbek Moldaliyev deydiki:

“Ko’p yillardan beri Turkiya Yevropa Ittifoqiga kirishga harakat qilmoqda. Ammo bu urinishlar yaqin yiilarda amalga oshmaydi deb o’ylayman. Shu bois turklar Markaziy Osiyo va Rossiya bilan munosabatlarini rivojlantirishga harakat qilmoqda. O’rtada yirik iqtisodiy loyihalar mavjud”.

Turkiya va Qirg’iziston qator xalqaro tashkilotlar doirasida ham hamkorlik qiladi, jumladan, turkiy mamlakatlar va musulmon o’lkalari tashkilotlarida.

Qirg’izistonlik tahlilchilar bu yo’nalishda ham talay imkoniyatlar mavjudligini aytadi.

“Hamkorlikni oshirish uchun hech qanday to’siq yo’q”, - deydi Orozbek Moldaliyev.

Mutaxassislar fikricha, mustaqillikning dastlabki yillarida Markaziy Osiyo, Turkiya aloqalari anchayin yaqin, qalin bo'lgan.

Hozirda, Turkiya hukumat garchi regionga hamon sarmoya kiritsa-da, litseylar va binoyu aeroportlar bunyod etsa-da, rasmiy Anqara e'tibori asosan Yaqin Sharq, Arab dunyosida.

Markaziy Osiyo esa ikkilamchi rolga o'tib qolgan, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG