Breaking News

Oqqonga qarshi kurashdagi muvaffaqiyatlar


AQShda sekvestratsiya, ya’ni federal byudjetning qisqarishi biologik-tibbiy tadqiqotlarga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu paytgacha davo topilmagan xastaliklarga qarshi yangi preparatlarni sinash ancha mablag’ talab qilishi shubhasiz. Pulni, asosan, davlat tomonidan moliyalanuvchi Salomatlik milliy instituti ajratadi. Lekin xususiy sektor ham katta rol o’ynaydi. Leykoz, ya’ni oq qon kasalligini davolashda aynan xususiy jamg’arma yordami katta rol o’ynadi.

Jim Devis leykemiya - oqqonga chalinib, davolangan. 10 yil oldin tashxis qo’yilganida tamom, o’ldim, deb o’ylagan edi. Lekin tibbiy muolaja Devisning hayotini saqlab qoldi.

“Glivek nomli yangi dori katta o’zgarish qildi. Ilgari oqqonga chalinganlarning 15 foizi omon qolardi. Hozir esa leykemiyadan batamom tuzalib ketish imkoni bo’lmasa-da, har kuni dori ichib yurgan bemor uzoqroq yashaydi”.

Devis Leykoz va limfoma jamiyati raisi. Har yili mart oyida mablag’ yig’ish uchun katta tadbir o’tkazadi.

“Vashingtondagi eng katta notijorat tashkilotimiz. Har yili uch million dollar to’plab tadqiqotlarga sarflaymiz”.

Izlanishlar samara berayotgani shubhasiz. Devis Leykoz jamiyati qo’llab-quvvatlagan izlanish oqibatida o’tkir limfoblastik leykemiyaga davo topilganini aytadi. Olti yoshli Emma bu kasalga chalingan edi. Amerika kinoakademiyasining “Oskar” mukofotini olgan rejissori Ross Kauffman qizcha haqida hujjatli film ishladi. Pensilvaniya universiteti olimlari yaratgan preparat eskperiment tariqasida Emma va yana 10 bemorga berilgan.

“Virusni o’zgartirdik. Endi u kasallikka sabab bo’lmaydi. Biroq bu dard odam immun tizimini o’zgartirish va saraton hujayralarini yo’q qilishga qodirligicha qoladi,” - deydi Pensilvaniya universiteti olimi, doktor Karl Jun.

Ayrim bemorlar uchun bu zo’r xabar. Lekin leykemiyaning turlari ko’p. Jons Xopkins universitidan doktor Donald Smollning tushuntirishicha, oqqon aslida qon hujayralarining o’sib ketishini anglatadi. Leykemiya turlari boshqa-boshqa hujayralarning mutatsiyasi bilan belgilanadi.

“Xronik miyeloid leykoz va o’tkir miyeloid leykoz orasidagi farqlardan biri shundan iboratki, xastalikning surunkali turida bitta mutatsiya kuzatiladi. O’tkir miyeloleykozda esa o’rta hisobda 8-10 ta mutatsiya bo’ladi”.

Doktor Smoll FLT3 genidagi mutatsiyani ajrata olgan birinchi olim. Bunga 20 yil avval erishgan. O’tkir miyeloleykemiyada aynan FLT3 geni o’zgaradi.

“Men FLT3 geni o’zgargan, ya'ni mutatsiya bo’lgan leykoz hujayralarini olib, ularga katta hajmda tirozin kinasa ingibitorini qo’shdim”.

Doktor Smoll kabi olimlar tadqiqotlari uzoq vaqt va yuz minglab dollar mablag’ talab qiladi.

“Qo’shma Shtatlarda barcha biologic-tibbiy izlanishlar uchun mablag’ni Salomatlik milliy instituti ajratadi. So’nggi yillarda ulardan pul olish qiyinlashgan. Hozirda ular Milliy saraton instutiti arizalarining bor-yo’g’i 9 foiziga ijobiy javob beryapti, ya’ni pul ajratmoqda,” - deydi Small.

Qolgan mablag’ni xususiy sektor ajratadi. Masalan, Leykemiya va limfoma jamiyati. Devis deydiki, farmatsevtika kompaniyalari izlanishlardagi birinchi siljishga guvoh bo’lganidan keyin katta mablag’ ajratadi.

“Agar izlanish uzoq vaqt davom etib, muvaffaqiyatli bo’lsa, farmatsevtika kompaniyalari sarmoya kiritishdan cho’chimaydi. Biz boshlab bergan bir necha tadqiqot shunday kompaniyalar tomonidan davom ettirilgan, va so’ngra dori sotuvga chiqqan”.

Pensilvaniya universiteti aynan shunday muvaffaqiyatga erishdi. U yerda davolangan Emma kasalligi hozircha remissiyada. Eskperimentda qatnashgan ayrim boshqa bemorlar ahvoli yaxshilanmadi. Shunga qaramay Novartis farmatsevtika kompaniyasi tadqiqot uchun 20 million dollar ajratishga qaror qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG